O‘zbekistonda odam papilloma virusiga qarshi emlashga start berildi

SSV hisob-kitobiga ko‘ra, natijada kelajakda har yili 1100 ta kasallanish va bachadon bo‘yni xastaligi bo‘yicha esa 600 ga yaqin o‘lim holatining kamayishiga erishiladi.
Sputnik

TOShKENT, 22 okt - Sputnik. O‘zbekistonda odam papilloma virusiga qarshi emlashga start berildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilmoqda.

Endilikda barcha 9 yoshli o‘smir qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanadi. Qayd etilishicha, odam papilloma virusiga qarshi vaksinaning narxi ancha qimmatligi sabab aksariyat davlatlarda u pulli asosda bajariladi. O‘zbekistonda esa, o‘smir qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi.

SSV hisob-kitobiga ko‘ra,  natijada kelajakda har yili 1100 ta kasallanish va bachadon bo‘yni xastaligi bo‘yicha esa 600 ga yaqin o‘lim holatining kamayishiga erishiladi.

O‘zbekistonda ayollar onkologik kasallikka qarshi emlanadi

Ta’kidlanishicha, bachadon bo‘yni saratoni ayollar salomatligiga tahdid qiluvchi jiddiy kasalliklardan biri hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda birgina 2018-yilda bachadon bo‘yni saratoni bilan qariyb 570 000 yangi kasallanish holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 000 nafardan ortiq ayollar vafot etadi.

O‘zbekistonda ham ushbu xastalik ayollar o‘rtasida tarqalishi bo‘yicha ko‘krak bezi saratonidan keyin ikkinchi va kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa tug‘ish yoshidagi ayollar orasida ikkinchi o‘rinda turadi. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili mamlakatda 1600 nafardan ziyod ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda.

Milliy emlash kalendariga ko‘ra, mamlakatda bolalar davlat budjeti hisobidan 12 ta boshqariladigan infeksiyalarga qarshi emlanadi. Shuning uchun ham mamlakatda epidemiologik holat barqaror saqlanmoqda.