TOShKENT, 18 okt – Sputnik. O‘zbekiston terma jamoasida eronlik Shaxab Cultani bosh murabbiy sifatida ish boshladi. Mutaxassisni tanishtirishga bag‘ishlangan matbuot-anjumani o‘tkazildi, deb xabar qildi O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi.
Anjumanda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Kasimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti Saken Polatov, O‘zbekiston karate federatsiyasi rahbari Alam Mullayev va Eron Islom Resbpublikasining elchixonasi vakillari ishtirok etishdi.
“O‘zbek karatechilari Osiyo va jahonda yetakchilardan sanalishadi. Karatechilaringizning Olimpiya o‘yinlari litsenziyasini qo‘lga kiritishga imkoniyatlari yetarli ekani, ularning katta mahorati ushbu terma jamoani tanlashimga turtki bo‘ldi. Oldimizda Premyer-liga va A seriya tasnifiga kiruvchi bir nechta musobaqalar orqali yo‘llanma olish imkoniyati mavjud. Umuman litsenziya qo‘lga kiritish uchun oldimizda ikki yo‘l bor: biri reyting, ikkinchisi kelasi yil Parijda o‘tadigan litsenzion musobaqa orqali. Umid qilamanki, jamoa bilan hamjihatlikda har ikki yo‘l orqali ham bir nechta yo‘llanmalar qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lamiz. Shu o‘rinda meni iliq kutib olishgani uchun O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismioniy tarbiya va sport vazirligiga minnatdorchiligimni izhor aytib qolaman”, – dedi Shaxab Cultani.