Moskvada “O‘zbek tili do‘stlari” klubini ochish haqida qaror qabul qilindi

Moskva davlat lingvistika universitetida O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili” haqidagi qonuni qabul qilinganligining 30-yilligiga bag‘ishlangan o‘quv-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Sputnik

TOShKENT, 17 okt – Sputnik. Moskva davlat lingvistika universitetida O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili” haqidagi qonuni qabul qilinganligining 30-yilligiga bag‘ishlangan o‘quv-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi matbuot xizmati xabar qildi.

“Uchrashuvda oliy o‘quv yurti professor va o‘qituvchilari, o‘zbek tilini o‘rganayotgan rossiyalik talabalar ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar qayd etganidek, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili o‘zbek xalqi uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir”, - deyilgan xabarda.

Moskvada “O‘zbek tili do‘stlari” klubini ochish haqida qaror qabul qilindi

Uchrashuv davomida Moskva davlat lingvistika universiteti talabalari o‘zbek tilining turli jihatlari, o‘zbek mumtoz va zamonaviy shoir va yozuvchilari, tarixi va zamonaviy taraqqiyotiga bag‘ishlangan taqdimotlar bilan chiqdilar.

Talabalar tomonidan o‘qib berilgan Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur g‘azal va ruboiylari, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Erkin Vohidovning she’rlari tadbir ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi.

Bo‘lib o‘tgan muloqot yakunida uning ishtirokchilari bir ovozdan doimiy ravishda faoliyat yuritadigan “O‘zbek tili do‘stlari” klubi tashkil etish haqida qaror qabul qildilar.