Chorvachilik va bog‘dorchilikni rivojlantirish bo‘yicha prezident taklifi

"O‘zbekchorvanasl", Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish va Uzumchilikni rivojlantirish agentliklari tashkil qilindi.
Sputnik

TOShKENT, 17 okt - Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 16-oktabr kuni chorvachilik va bog‘dorchilik tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. 

O‘zbekistonga qanday chorvachilik modeli kerak  – ekspert fikri

Yig‘ilishda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “O‘zbekchorvanasl”, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish, Uzumchilikni rivojlantirish agentliklari tashkil etildi. 

2019-2021 yillarda 300-500 bosh chorva boqishga mo‘ljallangan 270 ta bo‘rdoqichilik kompleksi va 260 ta sutchilik korxonasini tashkil etish ishlarini jadallashtirish topshirildi. Xususan, Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir, Qo‘ng‘irot, Kegeyli va Mo‘ynoq tumanlarida 1 million gektar pichanzor va yaylov yerlarida 182 ming bosh chorva mollari boqishga mo‘ljallangan 486 ta loyiha ishlab chiqildi. 

Samarqand viloyatida chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik rivojlantiriladi

Shuningdek, prezident bog‘dorchilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni ham talab darajasida emasligini ta’kidladi. Shu bois, meva-sabzavotga ixtisoslashgan barcha 55 ta tumanda bog‘dorchilik sohasida mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilab olindi.

Unga ko‘ra, xorij bozorlarida o‘z tovar belgisiga ega bo‘lgan eksportchilar hamda qayta ishlash korxonalari ishtirokida ushbu tumanlarda kooperatsiyalar tashkil etiladi. Har bir tumanda ekinlarni joylashtirish kooperatsiyalar taklifi bo‘yicha amalga oshiriladi, ular bog‘ va tokzorlarga ko‘chatlarni yetkazib berish, hosildorlikni oshirish yuzasidan ko‘maklashadi. Shuningdek, bog‘dorchilikka ixtisoslashgan har bir tumanda agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri amalga oshirish uchun o‘quv markazlarini ochish vazifasi qo‘yildi.

Majlisning batafsil bayonoti bilan quyida tanishing.