Soliq eksperimentlari oxiri nima bilan tugaydi?

O‘zbekistondagi soliqlar islohotini “Nalogi i finansovoe pravo” (Soliqlar va moliyaviy huquq) kompaniyalar guruhi rahbari, huquqshunos Arkadiy Brizgalin ijobiy baholar ekan, yakuniy natija biznesga va qator boshqa omillarga bog‘liq bo‘lishini ta’kidlab o‘tdi.
Sputnik

TOShKENT, 15 okt — Sputnik. O‘zbekistonda keng miqiyosli soliq islohoti olib borilmoqda. Bir tarafdan qator soliqlar birlashtirilib soddalashtirilsa, boshqa bir tarafdan ayrim stavkalar, shu jumladan, QQS pasaytirilmoqda. Rossiyalik ekspert fikricha, bunday holatda hukumat mantig‘ini tushunsa bo‘ladi va ushbu yo‘nalishdagi siyosat tegishli talablarga muvofiq tarzda rivojlantirilsa, natija ijobiy bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, ko‘plab tahlikali omillar yo‘q emas.

“Soliq stavkalari pasaytirilishi – iqtisodiyot rivojlanishiga turtki berish uchun keng qo‘llaniladigan usul. Bu borada AQShda Reyganning soliq borasidagi siyosati ayniqsa ijobiy natija ko‘rsatgan. Rossiyada ham 2000-yillar boshida soliqni 30 dan 13% gacha pasaytirilishi bilan qator ijobiy natijalarga erishilgan. Bunda asosiy urg‘u biznes uchun yengilliklar hosil qilishdir. Natijada, biznes rivoj topib, ishlab chiqarishga va yangi ish joylarini tashkil etishga hissa qo‘shadi. U kuchayganida esa, dastlab davlat xazinasida kamaygan mablag‘lar tiklanibgina qolmay, mamlakatda kuchaygan ishbilarmonlar sinfini vujudga keltiradi”, - dedi Brizgalin Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan suhbatda.

Ayni paytda, mablag‘lar nomuvofiq tarzda taqsimlansa yoki oddiy qilib aytganda, ular suiste’mol qilinsa, ushbu mablag‘lar boshqa yo‘llarga – biznesmen yoki amaldorlarning chet el hisoblariga, yaxta va villalariga ketib qolishi ehtimoli bor. Budjeti uchun yo‘qotishlardan xavfsiragan holda bu kabi liberal islohotlarni hamma davlatlar ham o‘tkaza olmaydi.  

Soliq yuki kamaytirilsa ham budjetga tushumlar 1,5 baravar oshdi

Soliq qo‘mitasining 166 nafar xodimi Moskvada malaka oshiradi

“Bu borada O‘zbekiston prezidentini faqat qo‘llab-quvvatlab, unga zafar tilab qolish mumkin. QQSni birdaniga 5% ga, ya’ni aslini olganda butun bir chorakka pasaytirish - qoyil qolsa bo‘ladigan qaror, nazarimda. Asosiysi, endilikda biznes undan kutilayotgan natijalarni oqlab, iqtisodiy o‘sishni namoyish etishi va shu orqali mamlakatga investitsiyalar kelishini ta’minlashi talab qilinadi”, - deya xulosa qildi ekspert.

Rossiyalik soliqchilar ham, bu orada, o‘zbek hamkasblariga islohotlarni amalga oshirishda ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini qayd etish joiz. Xususan, respublika soliq sohasi mutaxassislarining RFda ta’lim olishi va malaka oshirishi yuzasidan kuni-kecha kelishib olindi.

Soliq eksperimentlari oxiri nima bilan tugaydi?