Ozoda Nursaidovaning litsenziyasi qaytarib berildi  

“O‘zbekkonsert” bir necha yil oldin litsenziyasidan mahrum qilingan Ozoda Nursaidovaga ijod qilishi uchun yana bir imkon berdi.   
Sputnik

TOShKENT, 14 okt – Sputnik. O‘zbekkonsert bir necha yil oldin litsenziyasidan mahrum qilingan Ozoda Nursaidovaga yana omma oldida kuylashga ruxsat berdi. Bu haqida muassasa matbuot xizmati xabar qilmoqda.

O‘zbekiston san’atkorlari ro‘yxati 70% yangilandi - "O‘zbekkonsert" rahbari

Kecha “O‘zbekkonsert” davlat muassasasida ustoz san’atkorlar ishtirokida davra suhbati tashkil etilib, unda xonanda Ozoda Saidzodaning murojaati ko‘rib chiqildi. Davra suhbatida Ozoda Saidzodaning  (Nursaidova) o‘zi ham so‘zga chiqib, bundan bir necha yillar oldin bilib-bilmay, asoslanmagan ma’lumotlarga ishonib, hissiyotlarga berilib, jamoatchilik orasida o‘zining noo‘rin fikrlarini ommaviy axborot vositalari orqali bayon etganidan astoydil pushaymon ekanligini bildirib, shuncha vaqt ichida o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqargani, imkoniyat berilsa, bundan keyingi faoliyatida milliy estradani rivojlantirishga, o‘zining qo‘shiqlari bilan xalqqa xizmat qilishga va’da berdi. So‘ng, xonanda prezident va xalqdan uzr so‘rab unga yana bir bor imkoniyat berishlarini iltimos qildi, - deyilgan xabarda.

Davra suhbati yakunida barcha ustoz san’atkorlarning fikrlari tinglanganidan so‘ng, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahorov xonanda Ozoda Saidzoda kechirilgani hamda erkin ijod qilishiga imkoniyat yaratilgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 10-oktabr kuni xonanda Ozoda Saidzoda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasiga o‘z ijodini keng targ‘ib qilish va faoliyatini qonuniy tarzda yuritish maqsadida konsert-tomosha faoliyatiga ruxsat beruvchi litsenziya so‘rab murojaat qilgan edi.