Toshkentda “Yalla” ansambli uslubidagi musiqa maktabi ochiladi

Hujjatda Toshkentdagi 22-son bolalar musiqa va san’at maktabi negizida “Yalla” estrada vokal – cholg‘u ansambli ijro uslubidagi bolalar musiqa maktabi va studiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif etilgan.
Sputnik

TOShKENT, 10 okt – Sputnik. “Yalla” estrada vokal – cholg‘u ansambli ijro uslubini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida hukumat qarori loyihasi tayyorlandi.

“Bahor” raqs ansambli faoliyati qayta tiklanadi

Loyihada O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligining 2020/2021 o‘quv yilidan Toshkent shahridagi 22-son bolalar musiqa va san’at maktabi negizida “Yalla” estrada vokal – cholg‘u ansambli ijro uslubidagi bolalar musiqa maktabi va studiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berish belgilagan. 

Hujjatga “Yalla” ansambli ijro uslubidagi bolalar musiqa maktabi va studiyasini tashkil etish va uning faoliyatini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar rejasi ilova qilingan.

“Yalla” ansambli ijro uslubidagi bolalar musiqa maktabi va studiyasining asosiy vazifalari:

- iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning iste’dodini rivojlantirish, ularga milliy estrada san’ati bo‘yicha ta’lim berish hamda taalluqli o‘quv-uslubiy ishlarni takomillashtirish;

- o‘quvchilarning tegishli sohada bilim olishlari va ijodiy salohiyatlarini oshirib borishlari uchun qulay sharoitlar yaratish;

- milliy estrada san’atini o‘zbek an’anaviy ijrochilik uslublari bilan hamohang tarzda, milliy va umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unlashgan holda rivojlantirish;

- yoshlarni ona Vatanga muhabbat, milliy an’analarga sadoqat ruhida tarbiyalash, milliy estrada ijrochiligi bo‘yicha iste’dodli yosh ijodkorlarning kasbiy va ma’naviy kamol topishi va  o‘z iqtidorlarini namoyon etishlari uchun shart-sharoit yaratish;

- zamonaviy o‘quv-pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda o‘quv-tarbiya jarayonlarini yanada yaxshilash, ilg‘or xorijiy tajribalarni qo‘llagan holda yangi o‘qitish uslublarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish.

“Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 2021-yilda “Yalla” ansambli ijro uslubidagi bolalar musiqa maktabi va studiyasining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash maqsadida zamonaviy cholg‘ular, o‘quv-qo‘llanmalar bilan ta’minlash hamda zamonaviy ovoz yozish studiyasini tashkil etish yuzasidan zarur bo‘lgan mablag‘larni ajratsin”, - deyilgan hujjatda.