Sarmishsoy darasi qoyatosh suratlari yo‘qolib bormoqda - olimlar xavotirda

Mazkur dam olish maskani rahbari so‘zlariga qaraganda, xarob ahvolga kelib qolgan tarixiy yodgorlikni hozirda hech kim himoya ham, muhofaza ham qilmaydi. Ayrim noyob qoyatosh suratlari talon-taroj qilingan.
Sputnik

TOShKENT, 10 okt – Sputnik. Navoiy viloyati hududidagi Sarmishsoy darasidagi qoyatosh rasmlarning yo‘qolish xavfi hozirda ayniqsa yuksak, deb xabar beradi O‘zAA.

"Sarmishsoy Navoiy" dam olish maskani direktori Nafisa Vohidovaning nashrga bergan xabariga ko‘ra, daraning o‘zi ham uning yon-atrofi ham o‘ta ayanchli holatda.

“Sarmishsoy darasi va uning atroflaridagi soylardan 10 000 dan ortiq qoyatosh cypatlapi aniqlangan va bu petrogliflar o‘zida 35 mavzudagi obraz va sujetlarni aks ettiradi. 7- 9 ming yillik tarixga ega bu qoyatoshlar yurtimizdagi yagona pichoqkesar qoyatosh hisoblanadi”, - deydi u.

Yaqinda dunyodagi eng qimmat dori-darmonlarga qo‘shiladigan va valyutaga xorijdan xarid qilinadigan dorilar tarkibida muhim o‘rin tutuvchi, “Qizil kitob”ga kiritilgan o‘simlik ham aynan shu hududda o‘sishi aniqlandi.

Bebaho yodgorliklar yo‘qolish xavfi ostida. Ayrim qoyatosh suratlar o‘g‘irlab ketilgan. Bu yil ayniqsa yog‘ingarchilikka mo‘l bo‘ldi, natijada, suratlar suv ostida qolib, sinib tushgan. Afsuski, hozirda yodgorlikni hech kim himoya ham, muhofaza ham qilmaydi. Bu yerga kelayotgan mahalliy aholidan tashqari kelayotgan mehmonlar ham qoyalarga istagancha munosabat ko‘rsatib, zarar yetkazayotganligi kuzatilmoqda.