TOShKENT, 9 okt – Sputnik. “O‘zbekkino“ milliy agentligi o‘zining texnologik bazasini qayta jihozlashni boshladi, deb xabar qilmoqda O‘zA.
Ushbu maqsadda kompaniya rahbariyati Daniyaga tashrif buyurib, “Danmon Group” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda kino uskunalari, texnologik tizimlari va multimedia mahsulotlari xarid qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.
“O‘zbekkino“ kompaniyasi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning ta’kidlashicha, kompaniyaning texnologik bazasi va uning bo‘limlarini har tomonlama qayta jihozlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga muvofiq amalga oshiriladi.
Yangi jihozlar yordamida davlatimiz va xorij arxiv fondlarida saqlanayotgan kinotasmalarni raqamlashtirish va qayta tiklash imkonini qo‘lga kiritamiz.
“CANON, APPLE, VICON va shu kabi boshqa kompaniyalar bizga Markaziy Osiyodagi eng yirik kino ishlab chiqarish bazasini yaratishimizga imkon beradi”, deya qo‘shimcha qildi “O‘zbekkino” rahbari Firdavs Abduxoliqov.
Yangi jihozlar bilan ta’minlash yaqin ikki yil ichida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Kino jihozlarini modernizatsiya qilish bilan bir qatorda, “O‘zbekfilm” kinostudiyasi maydonchasi qayta ta’mirdan chiqariladi.