“Qahramonlarimiz” tanlovi: o‘zbekistonlik maktab o‘quvchilari Qrimga yo‘l oladi

“Artek” Xalqaro bolalar markazida bo‘lib o‘tadigan tanlovda Toshkent, Buxoro, Nukus, Andijon va Toshkent viloyatidan katta sinf o‘quvchilari ishtirok etadi.
Sputnik

TOShKENT, 8 okt - Sputnik, Lev Rijkov. Sobiq ittifoq hududi bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Qahramonlarimiz” Xalqaro tanlov tashkiliy qo‘mitasi finalga chiqqanlarning yakuniy ro‘yxatini aniqlab oldi. Ushbu musobaqa tashkilotchilari qatorida Rossotrudnichestvo va “Sdelayem vmeste!” harakati bo‘lib, unda 11 mamlakatdan 13 ming nafar maktab o‘quvchisi ishtirok etdi. Finalga 34 ta ijodiy ish tanlovdan o‘tdi. Ularning yettitasi o‘zbekistonlik 7-10-sinf o‘quvchilarining mahsuli bo‘lib chiqdi. Bu guruh joriy yil 16-oktabrdan 7-noyabrga qadar Qrimga - “Artek” oromgohiga yo‘l oladi.

Mehnat qahramoni

Nodiraposhsho Abdulhusaynova o‘z ishida Salima Mashrabboyeva – paranjasini yechgan ilk o‘zbekistonlik ayol to‘g‘risida hikoya qiladi. Aytilishcha, Salimani faqatgina bu harakati mashhur qilgani yo‘q.

“Ikkinchi Jahon urushi davrida Salima Mashrabboyeva mehnat fronti qatnashchisi bo‘lgan, - deydi Nodiraposhsho. – Garchi, bu yerda - front ortida grantalar portlamas, yerga o‘q yegan askarlar qulamasa-da, bu joy boshqacha front edi. Munosib yashashda davom etish kerak bo‘lgan, va huddi shunday munosib ravishda jonini saqlab qolish kerak bo‘lgan front edi bu”.

Urushdan keyin Salima Mashrabboyeva ko‘p yil mebel fabrikasida ishlagan. Buxorolik o‘quvchi qizning aytishicha, mehnat qahramoni nihoyatda munosib, o‘rnak bo‘la oladigan hayot kechirdi – yoshlarni tarbiyalar va atrofdagilarga hamisha yordam berar edi. U o‘z oilasini qo‘rigan, vatan ravnaqi  uchun xizmat qilgan qahramon edi, deyiladi inshoda.

Oddiy askardan general-mayorgacha

“Temirdek mustahkam general” Sobir Rahimov yana bir o‘zbekistonlik ishtirokchi Diana Baxtiyeva uchun afsonaviy qahramon bo‘ldi. S.Rahimov o‘z harbiy faoliyatini 1922-yilda oddiy armiya askari sifatida boshlaydi. Bosmachilar bilan janglarda kavaleriyaga qo‘mondonlik qilgan, bir necha bor jarohatlangandi. Jasorati uchun Qizil nishon bilan taqdirlangan ham edi. 1941-yilda frontga mayor unvonida ketgan Sobir Rahimov 1943-yil general-mayor bo‘ldi.

“Faoliyatdagi ushbu nisbatan tez sur’atlarda o‘sish ofitserning shaxsiy sifatlari bilan ham ifodalanadi, – deb yozadi Diana. – Mening sevimli qahramonim, hech shubhasiz, dovurak va mas’uliyatni bo‘yniga olishdan qo‘rqmaydigan, rahmli va adolatli, boshqalarni tushunadigan inson bo‘lishi kerak”.

“Temirdek mustahkam general” 1945-yil 26-mart kuni Dansig (hozirgi Polshaning Gdansk shahri) yaqinida halok bo‘lgan. Sobir Rahimovning o‘limidan 20-yil o‘tgach, 1965-yil 6-mayda unga Sovet ittifoqi Qahramoni unvoni beriladi.

“Kim o‘zar”

15 yashar Mubina G‘ulomova o‘z qahramoni sifatida 1959-1983 yillarda O‘zbekiston SSR rahbari Sharof Rashidovni tanladi.

“Rashidov davrida 1966-yilda O‘zbekiston poytaxti – Toshkent qayta ta’mirlanadi, - hikoya qiladi o‘z inshosida Mubina. – O‘zbekistondagi ilmiy-tadqiqot institutlari soni 64 tadan 100 gacha oshgandi. V.Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasi dunyoning eng yirik aviatsion korxonalari beshtaligiga kirdi. Uning davrida yangi muzeylar, parklar, teatrlar qurilgan edi”.

Jalaquduq tumani maktabi o‘quvchisi fikricha, Sharof Rashidov unga tabiatan xos bo‘lgan kuchli yetakchilik xususiyatlarini qo‘llay olgani va oqil diplomat sifatida O‘zbekiston taraqqiyotiga hissa qo‘shgani bilan qahramon o‘rnini egallashga haqlidir.

O‘rta Osiyolik Tretyakov

I.Yusupov nomidagi Davlat maxsuslashtirilgan maktab-internat tarbiyalanuvchisi, nukuslik Ayjamal Kenjebayeva O‘zbekiston qahramonlari qatorida Kiyevda tug‘ilib, Moskvada vafot etgan Igor Saviskiyni ko‘rsatishni lozim deb topdi. Ushbu rassom, restavrator, etnograf va san’atshunosning O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston oldidagi xizmatlarining ahamiyatini kamaytirmasdan, munosib tan olish kerak, albatta.

“1950 yilda Igor Saviskiy Qoraqalpog‘istonga Sobiq ittifoq Fanlar akademiyasining Xorazm arxeolog va etnograflar ekspeditsiyasi tarkibida ishlash uchun tashrif buyurgandi. U bu yerda xalq-amaliy san’ati buyumlarini maxsus kolleksiyaga to‘plash masalasini o‘rgangan edi. – deb yozadi Ayjamal Kenjebayeva. – Igor Saviskiyni bu olib borgan faoliyati shu qadar ta’sirlantirib, o‘ziga mahliyo qiladiki, u quyi Amudaryoda, cho‘llar ichida yashayotgan, kamchilikni tashkil etgan xalq – qoraqalpoqlarning shu paytgacha kam o‘rganilgan san’ati bilan jiddiy ravishda qiziqa boshlaydi”.

Ekspozitsiyasi Tretyakov galereyasi bilan solishtiriladigan noyob San’at muzeyi asoschisi, ushbu beg‘araz zahmatkashni, maktab o‘quvchisi, shubhasiz, O‘zbekiston qahramonlari panteoniga kirishga mansub, deb ifodalaydi.

Chaqaloq xaloskori

O‘n besh yoshli toshkentlik Yuliya Kosteskaya o‘z qahramoni sifatida Kamoljon Turg‘unovni – Pavlov uyining afsonaviy mudofaachisini ko‘rsatadi. Pavlov uyi Stalingrad markazida joylashgan u qadar katta bo‘lmagan, 4-qavatli umumiy turar joyi bo‘lib, uning ishg‘olini nemislar ham uddalay olmagan edi. O‘ttiz nafar sovet jangchilari 58 kun davomida uni saqlab turdilar. Lekin, hayratlanarlisi faqat bu emas.

“Sukunat qo‘ngan zamon, Kamoljon uy yerto‘lasidan kelayotgan ayol tovushlarini eshitadi, - deb yozadi Yuliya. – Yerto‘lada 15 ta ayol borligi aniqlanadi, ularning birini qo‘lida esa yangi tug‘ilgan chaqaloq bor edi. Qutqarilganlarni evakuatsiya qilish imkoni bo‘lmadi. Ular ham 58 kun davomida qamalda qoladi. Harbiylar yangi tug‘ilgan chaqaloqning onasi bilan o‘zlaridagi oxirgi qoqi noniniyu suvini baham topgandi. Aynan Kamoljon yosh onaga suti qochmasin deya, ovqat olib kelardi. Lekin, onaning suti vaqti kelib baribir yo‘qoladi va bunda Kamoljon go‘dak-qizchani un va suv qorishtirmasi bilan boqib saqlab qolishga yordam beradi. Keyinchalik esa ona-bolani Volga darosining xavfsiz qirg‘og‘iga ko‘chirib o‘tishda ham ko‘maklashgan edi”.

Pavlov uyida dunyoga kelgan qizcha, ko‘p yillar o‘tgach, cho‘qingan ota-onalari bilan, shu jumladan Kamoljon Tursunov bilan uchrashadi. Stalingradning o‘zbek himoyachisi 93 yoshgacha umr ko‘radi.

Kengurak otaxon

Olmazor qishlog‘idan bo‘lgan Sevara Mamatqulova o‘z qahramoni deya Shoahmad Shomahmudovni ataydi.

“Shomahmudovlar oilasi Toshkentga evakuatsiya qilingan 15 yetim bolani asrab olgan edi, - deb  yozadi Sevara Mamatqulova. – Birgina 1943-yilning o‘zida keksa temirchi to‘rt bolaga otalik qila boshlaydi. Shomahmudovlar boy bo‘lmasa-da, nihoyatda ahil-totuv yashardilar. Toshkent bolakaylar uchun ikkinchi vatan bo‘lib qoladi. Oiladagi hamma bolalar sof o‘zbek tilida gapirar, bir tanu bir jon bo‘lib yashar, bir-birlariga yordam ko‘rsatib, qo‘llab-quvvatlab katta bo‘ladilar”.

Shomahmudovlar oilasi Rahmat Fayziyning “Hazrati inson” romani va “Sen yetim emassan” mashhur kinofilmining bosh qahramonlarining timsollariga aylangan edi. Oila boshlig‘i roppa-rosa 100 yoshgacha umr ko‘rib, katta mehribon oilasi qurshovida olamdan o‘tadi.

Vafotidan keyingi unvon

Konkursdagi boshqa ishtirokchi - andijonlik Maksim Ergashboyev zamondoshimiz bo‘lgan Shuhratbek Zohidovni o‘ziga yaqin qahramon deb nomlaydi.

“2000 yilda Shuhratbek Zohidov o‘ta xavfli jinoyatchilarni - Izboskan tumanidagi diniy ekstremistlarni qo‘lga olishda qahramonlik ko‘rsatadi, - deya boshlaydi o‘z inshosida Maksim. – Xizmat yillari davomida, Shuhratbek Zohidov vatan g‘animlariga murosasiz bo‘lib, terroristlarga qarshi ayovsiz kurash olib borgan”.

Kurashlarning biri Zohidov uchun so‘ngisi bo‘lib qoladi. 2005-yil mayda terroristlar bilan bo‘lgan jangda Shuhratbek halok bo‘ladi. Unga vafotidan so‘ng “Shuhrat” unvoni beriladi.

O‘zbekistonlik qatnashchilar o‘z ishlarini “Artek” oromgohida joriy yil 4-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan tanlov finalida taqdim etadilar.