Orenburgda 3 nafar o‘zbekistonlik qullikdan qochishga muvaffaq bo‘ldi

Orenburgda uch nafar O‘zbekiston fuqarolarining pasportlarini olib qo‘yib bir necha kun majburlab ishlatishdi va omborxonaga qamab qo‘yishdi.
Sputnik

TOShKENT, 9 okt - Sputnik. Rossiyaning Orenburg viloyatida uch nafar O‘zbekiston fuqarolari qullikdan qochib qutilishga muvaffaq bo‘lishdi, deb xabar qilmoqda "Alternativa" NNT.

Stavropolda 7 nafar O‘zbekiston fuqarolari qullikdan ozod qilindi

Xabarda aytilishiga ko‘ra, ushbu yilning avgust oyida Ulug‘bek, Abdulaziz va Jasurbek ismli fuqarolar Rossiyaning Perm viloyatiga ishlash uchun yo‘lga chiqadi. Yo‘l-yo‘lakay ular Ali ismli Qozog‘iston fuqarosi bilan tanishib qolishadi. Ali ularga Orenburgning Buzuluk shahrida ish, turar joy, ovqat va hujjatlarini rasmiylashtirishni va’da beradi. Ular rozi bo‘lishadi.

Manzilga yetib kelgach, Ali ularni Fuzayil ismli Ozarbayjon fuqarosiga topshiradi. Fuzayil registratsiyani bahona qilib o‘zbekistonliklarning pasportlarini darhol olib qo‘yadi va qurilishga ishlashga yuboradi.

Oradan 10 kun o‘tib ishchilar pasportlarini talab qilishadi. Bunga javoban Fuzayil ular uchun Aliga 50 ming rubl to‘laganini va qachonki ushbu pullarni ular ishlab bersa yoki qarindoshlaridan qarz olib qaytarib bersa keyin pasportlarini qaytarishini aytadi.

Shundan so‘ng ham yigitlar bir necha bor o‘z pasportlarini qaytarishni so‘rab murojaat qilishadi. So‘nggi marta esa Fuzayil va uning do‘stlari o‘zbekistonliklarni do‘pposlab omborxonaga qamab qo‘yadi.

Moskva viloyatida 18 nafar O‘zbekiston fuqarosi qullikdan ozod qilindi

O‘zbekistonliklar u yerdan bir necha kun o‘tib qochib ketishadi. Pasportlari yo‘qligi tufayli ular, elchixonadan ma’lumotnoma rasmiylashtirilari kerak edi. Moskvaga yetib olishga ularga o‘zbekistonlik va tojikistonlik migrantlar yordam berishadi.

Shu o‘rinda, Rossiyaga mehnat qilish uchun kelayotgan fuqarolarga yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz. Birinchidan Rossiya migratsiya qonunlarini o‘rganing, ikkinchidan tanimagan odamlar gapiga asoslanib, hech qanday hujjat rasmiylashtirmasdan turib ishlashni boshlamang. Uchinchidan O‘zbekiston elchixonasi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonalari telefon raqamlarini yodlab oling.