Ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qiluvchi inspeksiyasiga qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi

Davsuvinspeksiya boshqaruv xodimlariga qo‘shimcha 79 ta shtat birligi ajratib, ularning cheklangan soni 152 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Sputnik

TOShKENT, 9 okt – Sputnik. “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi tayyorlandi.

Issiq suv, “yopiq tizim” va tejamkorlik – Mirziyoyev aniq topshiriqlar berdi

Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi va uning hududiy inspeksiyalariga (Davsuvinspeksiya) quyidagi qo‘shimcha vazifa va funksiyalar yuklatish nazarda tutilgan:

- ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarni, shu jumladan yer osti suv quduqlarini qurish va rekonstruksiya qilish obyektlarda loyiha-smeta hujjatlarni tahlil qilish, qurilish-rekonstruksiya ishlarida nazorat o‘rnatish;

- o‘tkazilgan texnologik auditda aniqlangan egasiz va muhofazasiz inshootlardan samarali foydalanishni tashkil etish, shuningdek sifatsiz ichimlik suv ishlab chiqarishni bartaraf etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

- suv ta’minoti korxonalari tomonidan ishlab chiqilgan texnologik yo‘qotilgan ichimlik suvning meyorlarini kelishish va yo‘qotilgan ichimlik suv haqidagi hisoblarni asosliligini tahlil qilish;

- suv ta’minoti korxonalari ichimlik suv sifatini tahlil qilish uchun oladigan na’muna nuqtalarni kelishish hamda ularni laboratoriya tahlilidan o‘tkazilishida nazorat o‘rnatish;

- yuridik shaxslar tomonidan ichimlik suvning belgilangan limitidan ortiqcha suv olgan iste’molchilarga jarima sanksiyalarni qo‘llash;

O‘zbekistonda “Aqlli suv” tizimi joriy etiladi

- suv ta’minoti va oqova suv chiqazish xizmatlari uchun tariflarni deklaratsiya qilish bo‘yicha barcha hujjatlarni tahlil qilish, zaruriy hollarda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va Moliya vazirligiga tariflarga o‘zgartirish kiritish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritish;

- suv ta’minoti hamda kanalizatsiya tizimlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berishni teng huquqlilik va oshkoralik asosida o‘tkazilishini nazorat qilish.

“2020 yil 1-yanvardan boshlab, Davsuvinspeksiya tomonidan tadbirkorlik subyektlarida o‘tkaziladigan nazorat tadbirlarini, tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o‘tkaziladi”, - deyilgan hujjatda.

Yuklatilgan qo‘shimcha vazifalardan kelib chiqqan holda Davsuvinspeksiya boshqaruv xodimlariga qo‘shimcha 79 ta shtat birligi ajratib, ularning cheklangan soni 152 nafarga yetkazish belgilangan.