Tibbiyot xodimiga tajovuz qilganlar 5-yilgacha qamalishi mumkin

O‘zbekistonda so‘nggi 2-yil ichida 400dan ortiq tibbiyot xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qilish, ularga tan jarohatlari yetkazish holatlari qayd etilgan.
Sputnik

TOShKENT, 7 okt – Sputnik. Tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan shaxslar uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Bu haqida Sog‘liqni Saqlash vazirligi ko‘magida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida aytib o‘tilgan.

“Yangi qonun qabul qilinganidan so‘ng, tibbiyot xodimlariga tajovuz sodir etgan shaxslarga nisbatan uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazosini qo‘llash mumkin bo‘ladi”, - deyilgan xabarda.  

Ma’lumki, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonning turli viloyatlarida bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holatlari tez-tez uchrab turibdi.

Bemorning yaqinlari o‘lasi qilib kaltaklagan ikki shifokor og‘ir ahvolda shifoxonaga tushdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, tibbiyot muassasalarida, ayniqsa, shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish tizimida bu kabi holatlar kunda yoki kunora sodir bo‘lmoqda. Xususan, so‘nggi 2-yil ichida O‘zbekistonda 400dan ortiq tibbiyot xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik qilish, ularga tan jarohatlari yetkazish kabi noqonuniy harakatlar qayd etilgan.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi jinoyat qonunchiligida xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, ularga bu jarayonda tan jarohati yetkazish uchun javobgarlik choralari nisbatan yengil hisoblanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi qonun ushbu vaziyatga ijobiy ta’sir qilishi va bunday qonunbuzarlikni oldini olishda profilaktik rol o‘ynashiga umid bildirishmoqda.