Janubiy Koreyada O‘zbekiston bayrog‘iga o‘xshash paypoq savdodan olindi

O‘zbekistonlik faollar advokat va politsiya yordamida Janubiy Koreyada O‘zbekiston bayrog‘iga o‘xshash paypoqni savdodan oldirishdi.
Sputnik

TOShKENT, 6 okt – Sputnik. Janubiy Koreyada ishlayotgan o‘zbekistonlik vatanparvar fuqarolar yordamida magazinda paydo bo‘lgan, O‘zbekiston bayrog‘iga o‘xshash paypoqlar savdodan olindi. Bu haqida ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan videoda xabar qilingan.

Videoda aytilishiga ko‘ra, Koreyadagi Keme shahrida o‘zbekiston vakillari advokatlar bilan birga magazin rahbariyati va politsiyaga murojaat qilishgan.

“Xudo xoxlasa ushbu murojaat paypoq ishlab chiqargan zavodga ham yetkaziladi va ushbu mahsulot qayta ishlab chiqarilmaydi. O‘zbekiston bayrog‘i oyoqosti bo‘lishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz”, - deyilgan videolavha so‘ngida.

Magazin ushbu paypoqlar 3-yil odin ishlab chiqarilgani va bu qoldiqlar ekanini xabar qilishgan. Ular aytishiga qaraganda, “paypoqni rangi chiroyli bo‘lgani uchun yana savdoga chiqarishgan”.  Ular uzr so‘rab paypoqni savdodan olishgan.