Qizi zanjirband qilingan ona kuyovini sudga berdi

Zangiota tumanida erkak turmush o‘rtog‘ini zanjirband qildi. Hattoki hojatxonaga borishga ruxsat bermagan. Ayolning farzandlari uning oldiga tuvak olib kirishgan.
Sputnik

TOShKENT, 5 okt - Sputnik. Toshkent viloyati Zangiota tumanida turmush o‘rtog‘ini zanjirband qilgan erkakka nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha,  26 sentabr kuni fuqaro M.A. Zangiota tumani Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilib, kuyovi A.T.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishlikni so‘ragan. Murojaat mazmuniga ko‘ra, A.T. 2019-yilning 23-26 sentabr kunlari o‘zining xonadonida, turmush o‘rtog‘i D.T.ning noqonuniy tarzda oyog‘ini zanjir bilan bog‘lab qo‘yib, ushlab turganligi ma’lum qilingan.

Ushbu murojaat Zangiota tumani IIB xodimlari, A.T. xonadoniga borgan. O‘rganish davomida D.T. olgan tan jarohatlari yuzasidan sud tibbiy ekspertiza ko‘rigi o‘tkazilgan. Zangiota tuman sud tibbiy ekspertizaning 2019-yil 30-sentabr kunidagi ma’lumotnomasida, D.T.ning jarohatlari, og‘irlik darajasi bo‘yicha sog‘lig‘ining qisqa muddatga buzilishiga sabab bo‘lgan yengil tan jarohatlar toifasiga kirishi ko‘rsatilgan.

Hozirda ushbu holat fuqaro A.T.ga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.