“Tanish-bilishchilik yo‘q”: davlat xizmatchilari tanlov asosida ishga olinadi

“O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi.
Sputnik

TOShKENT, 5 okt - Sputnik. “O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2020-yil 1-yanvardan boshlab tajriba tariqasida ayrim davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va hududlarda, 2021-yil 1-yanvardan boshlab esa respublikaning barcha davlat organlari va tashkilotlarida davlat xizmatiga qabul ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshiriladi.

Endilikda, davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilish va xizmatchilarning xizmat bo‘yicha o‘sib borishi bilan bog‘liq faoliyatda nomzodlarni adolatli baholab borish va ular orasidan eng munosiblarini tanlashga qaratilgan meritokratiya tamoyili qo‘llaniladi.

Shuningdek, farmonga asosan davlat fuqarolik xizmati xodimlari mehnatiga haq to‘lashning yagona tizimi joriy etiladi.

Farmon bilan, prezident huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Prezidentning davlat xizmati va vakillik organlari bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi bir paytning o‘zida Agentlik direktori hisoblanadi.

Shu bilan birga, ushbu Agentlik huzurida Davlat xizmatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.