Senatning 23-yalpi majlisida qaysi masalalar ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi

O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi 11-oktabr kuni Toshkent shahrida chaqiriladi.
Sputnik

TOShKENT, 4 okt - Sputnik. Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisini joriy yil 11-oktabr kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qildi.

Yalpi majlis kun tartibiga “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi, “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi, “Metsenatlik to‘g‘risida”gi, “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi, “Mudofaa to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi kabi qonunlar kiritilgan

Matviyenko: G‘alabaning 75-yilligini nishonlash bo‘yicha Senat hamraislariga topshiriqlar berildi

Kreditorlarni huquqiy jihatdan himoya qilish kuchaytirilishi hamda tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlari, ba’zi davlat organlarining, shu jumladan O‘zbekiston Milliy gvardiyasi faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va boshqa qonunlar senatorlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. 

Senat a’zolari Madaniy o‘zlikni namoyon etish shakllari xilma-xilligini himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi Xalqaro konvensiyani (Parij, 2005-yil 20-oktabr) ratifikatsiya qilish masalasini ham muhokama qiladi.  

Shuhrat G‘aniyev masalasi bo‘yicha Senat Reglament va Odob kommissiyasi yig‘ilishi o‘tkaziladi

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining mamlakatda daraxt va butalarni kesishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to‘g‘risidagi axboroti, shuningdek Namangan viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi.

Senat a’zolari ota-onalar qarovisiz qolgan va mehribonlik uyida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar, tabiiy gaz quvurlari tizimi holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan  Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish to‘g‘risidagi masalalarni ham muhokama qiladilar.