TOShKENT, 3 okt – Sputnik. Hukumat qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, ro‘yxat har yili Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tegishli moliya va rejali davr uchun davlat budjeti parametrlari tasdiqlangandan keyin 15 kundan kechikmay ishlab chiqiladi.
Ro‘yxat tibbiy yordamning quyidagi turlari bo‘yicha shakllantiriladi:
- shoshilinch tibbiy yordam;
- rejali (shu jumladan birlamchi tibbiy-sanitariya) yordam;
- ixtisoslashgan (shu jumladan yuqori texnologik) tibbiy yordam;
- palliativ tibbiy yordam.
Ro‘yxatga tibbiy xizmatlarning aniq turlari, shu jumladan dori-darmonlar, sarflash materiallari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash kiritiladi.
Ro‘yxat tibbiy xizmatlar turlari va hajmlari belgilab olingan holda, tibbiyot tashkilotlari darajasi bo‘yicha shakllantiriladi.
O‘zbekiston fuqarolari, respublikada muqim yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda chet el fuqarolari tibbiy ko‘rsatmalar bo‘lganda asoslantirilgan murojaatlar bilan ro‘yxatga kiritilgan tibbiy yordamni olish huquqiga ega bo‘ladi.