Afg‘on-o‘zbek chegarasida favqulodda hodisa: halok bo‘lganlar bor

Jangarilar hujumi oqibatida O‘zbek-afg‘on chegarasi yaqinida afg‘on harbiylari va mahalliylar halok bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 2 okt - Sputnik. Afg‘onistonning O‘zbekiston chegarasi yaqin tumanida tolibonlar mahalliy politsiya bo‘limiga hujum qilgan. Hujum natijasida o‘ldirilgan va yaralanganlar bor, deb xabar beradi TOLO news telekanali.

“Tolibon” Tojikiston bilan chegaradagi afg‘on qishlog‘ini bosib oldi

Voqea 1-oktabrga o‘tar kechasi Balxning Sho‘rtepa tumanida sodir bo‘ldi. Mahalliy hukumat vakili aytishiga qaraganda, jangarilar hujumi oqibatida o‘ldirilgan va yaralanganlar soni umumiy hisobda 11 kishini tashkil qilgan.

Tolibonlar hujum amalga oshirilganini tan olib, ular tomonidan o‘nlab harbiylar yaralanganligini e’lon qildilar.

Afg‘on politsiyasi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ayni damda tumanga qo‘shimcha harbiy kuchlar jalb qilingan va hozirda hudud to‘liq nazorat ostiga olingan.