TOShKENT, 1 okt – Sputnik. Davlat statistika qo‘mitasisi boshqarma boshlig‘i Jahongir Yo‘ldoshevning xabariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar bir yilda o‘rtacha 43,2 kilogramm go‘sht va go‘sht mahsulotlarini iste’mol qiladi.
"Bu ko‘rsatgich kam yoki ko‘p ekani haqida biror narsa deya olmayman. Ammo aholining go‘sht iste’moli qo‘shni Tojikiston yoki Qirg‘izistondan ko‘proq. Ammo Rossiya, Qozog‘iston, Ozorboyjon va boshqa Boltiqbo‘yi davlatlari aholisiga nisbatan kamroq go‘sht iste’mol qilamiz", — dedi Yo‘ldoshev.
Sputnik tomonidan qo‘shimcha ma’lumot sifatida shuni aytish mumkinki, O‘zbekiston aholisi kamroq go‘sht iste’mol qilsada, ushbu go‘sht asosan yuqori sifatli oqsil va aminokislotalarga boy bo‘lgan mol va qo‘y go‘shtidir. O‘zbekistonda parranda va baliq go‘shti juda kam iste’mol qilinadi.
Statistik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya va boltiqbo‘yi mamlakatlarida aholi iste’mol qiladigan go‘shtining 30-50 % tovuq go‘shtiga to‘g‘ri keladi. Ma’lumki tovuq go‘shti, aksariyat hollarda, sun’iy ozuqa qo‘shimchalari yordamida tez yetishtiriladi (30kunda) va unda inson organizmi uchun kerakli bo‘lgan foydali moddalar miqdori kamroq bo‘ladi.