Balashixada kaltaklangan o‘zbekistonliklar yuzasidan axborot berildi

Podmoskovyening Balashixa shahrida hayotini qutqarish uchun o‘zini derazadan otgan ikki nafar o‘zbekistonlik yuzasidan rasmiy izoh berildi.
Sputnik

TOShKENT, 27 sen — Sputnik. O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi Podmoskovyening Balashixa shahrida ikki o‘zbekistonlik jabrlanganligi bilan bog‘liq insident yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuratura va Tergov qo‘mitasiga rasmiy murojaat yo‘lladi, deya xabar beriladi TIV rasmiy saytida.

O‘zbekiston fuqarolari Ilhom H. va Dilshodbek T.lar yigirmanchi sentabr kuni noharbiy kiyimda bo‘lgan rossiyalik politsiyachilar ishtirokida sodir bo‘lgan hodisadan so‘ng Balashixa kasalxonalarining biriga og‘ir ahvolda keltirildi.

Podmoskovye segodnya”da xabar qilinishicha, huddi shu kun fuqarolar tomonidan ijaraga olingan kvartiraga noharbiy kiyimda bo‘lgan politsiyachilar bostirib kiradi. Ayni vaqtda uyda mehmon sifatida yana ikki nafar o‘zbekistonlik va bir nafar uy egasi bor edi.

Kelgan shaxslar hech bir hujjat taqdim etmasdan, o‘zlarini "jinoiy qidiruv bo‘limi xodimlari", deya tanishtirishadi va kvartiradagilarni kaltaklashga tushib, ulardan pul talab qilishadi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur “tergov” ikki soat davom etadi.

Hujumkorlarning biri fuqaro Ilhom H.ga qarata to‘pponchasini yo‘naltirganidan so‘ng, u sherigi Dilshodbek T. bilan hayotlarini qutqarish maqsadida o‘zlarini derazadan otishadi. Kvartira ikkinchi qavatda joylashgan. Ular yana bir necha vaqt davomida, o‘tayotgan piyodalardan biri tez yordam chaqirguniga qadar, yerda yotganligicha qoladi.

Jabrlanganlarga miya chayqalishi, tos suyaklari, umurtqa va qo‘llar sinishi kabi og‘ir jarohatlar diagnoz etib qo‘yildi.   

Rossiyaning Podmoskovye bo‘yicha IIVning Bosh boshqarmasi xabar berishicha, hodisa bo‘yicha xizmat tekshiruvi tashkillashtirilgan.

“Politsiyachilarning aybi tasdiqlangan holatda, ular salbiy motivlar asosida ichki ishlar organlaridan ishdan bo‘shatiladi va ularga qonunga muvofiq jazo ko‘riladi. Qolaversa, ularning bevosita rahbarlari ham javobgarlikka tortilishi ko‘zda tutilgan”, deb izoh berdi, muassasa matbuot xizmati boshlig‘i Tatyana Petrova.

Shu paytga qadar, O‘zbekiston elchixonasining Konsullik bo‘limi xodimlari jabrlanganlarning holidan xabar olgan va ularni davolatish uchun to‘lovni amalga oshirish masalasini hal qilish uchun chora ko‘rmoqdalar.

Jabrlanganlarning so‘zlariga qaraganda, ular Moskvaga  federal ahamiyatga molik obyektlarda ishlash uchun malakali mutaxassis-restavratorlar sifatida taklif qilingan edi.  

Rossiyaning Markaziy federal okrugiga kiruvchi hududlarda va Armeniyadagi o‘zbekistonliklar, zaruriyatga ko‘ra, O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi bilan quyidagi raqam orqali bog‘lanishlari mumkinligi eslatiladi: +7 (499) 230 00 76, +7 (499) 238 36 20.