O‘zbekistonlik 20 yoshli sportchi JChda kumush medalni qo‘lga kiritdi

Tailandning Pattayya shahrida og‘ir atletika bo‘yicha navbatdagi jahon chempionatida 20 yoshli sportchi siltab ko‘tarish yo‘nalishida 229 kilogramm toshni ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi.
Sputnik

TOShKENT, 26 sent - Sputnik. O‘zbekistonlik sportchi Akbar Jo‘rayev Pattayya shahrida og‘ir atletika bo‘yicha navbatdagi jahon chempionatida -109 kilogramm vazn toifasida kumush medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda MOQ xabar qildi.

Jo‘rayev dast ko‘tarish mashqini 188 kg bilan oltinchi o‘rinda yakunlagan. Siltab ko‘tarish yo‘nalishida ishonchli urinishlari bilan kumush medal sohibiga aylangan. 20 yoshli sportchi bu mashqda 229 kilogramm toshni ko‘tarishga muvaffaq bo‘lgan.

Bu natija umumiy natija bo‘yicha sovrindorlar qatoridan joy olish uchun yetarli bo‘lmadi. Jo‘rayev umumiy hisobda 417 kilogramm bilan to‘rtinchi pog‘onani egalladi.

Og‘ir atletika JCh, Tailand.
Erkaklar, -109 kg.:
1. Simon Martirasan (Armaniston) – 429 kg (199 + 230)
2. Andrei Aramnau (Belarus) – 426 kg (198 + 228)
3. Je Yang (Xitoy) – 420 kg (197 + 223)
4. Akbar Jo‘rayev (O‘zbekiston) – 417 kg (188 + 229)