XTV: o‘qituvchilar kuniga deb, imkoniyati yo‘qlardan majburan pul yig‘ish noto‘g‘ri

Xalq ta’limi vazirligi rasmiy murojaatiga ko‘ra, o‘qituvchilarni tabriklash natijasida ota-onalar noroziligi kelib chiqishi kerak emas
Sputnik

TOShKENT, 25 sen - Sputnik. O‘zbekistonda 1-oktabr ustoz va murabbiylar kuni sifatida keng nishonlanadi. Xalq ta’limi vazirligi mazkur jarayonda o‘ta faollik ko‘rsatayotgan sinflarning qo‘mita vakillariga murojaat bilan chiqdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

O‘qituvchidan obunaga pul yig‘mang: Shermatov XTB rahbarlarini so‘nggi bor ogohlantirdi

Xalq ta’limi vazirligi matbuot-xizmati xabariga ko‘ra, respublikadagi maktablarning ota-onalar qo‘mitalari vakillari o‘qituvchilar bayrami oldidan pul yig‘imlarini boshlab yuborganlar va bu holat ayrim ota-onalar noroziligini keltirib chiqarmoqda.

"Xalq ta’limi vazirligi 1-oktabr – "O‘qituvchi va murabbiylar kuni" bayramida farzandlariga bilim va tarbiya berayotgan o‘qituvchilarni o‘z istak, imkoniyatlaridan kelib chiqib, tabriklayotgan ota-onalarga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Lekin o‘qituvchilarni tabriklash natijasida ota-onalar noroziligi kelib chiqishi kerak emas. Agarda kimning imkoniyati bo‘lmasa, boshqa faol ota-onalar tomonidan majburlash yoki ular nomidan umumiy sovg‘a qilish bahonasida majburiy pul yig‘ish noto‘g‘ri", - deyiladi xabarda.

Xalq ta’limi vazirligi shuningdek, yuqoridagi holatlarni inobatga olgan holda ota-onalar noroziligi bilan undiriladigan barcha yig‘im turlariga chek qo‘yish kerakligini eslatib o‘tgan.