O‘zavtosanoat Spark avtomobillarini Rossiyada ishlab chiqarmoqchi

O‘zbekiston va Rossiya kelishuvi asosida 2020-yil boshida Rossiyada Spark avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 24 sen - Sputnik. Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan “Lokalizatsiya-2019” ko‘rgazmasi doirasida “O‘zavtosanoat” raisi Shavkat Umurzoqov Spark avtomobillarini Rossiyada ishlab chiqarish haqida kelishuvga erishilgani haqida xabar qildi. Sputnik muxbiri xabariga asosan.

"Rossiya tomon faqat A-klass avtomobillarini ishlab chiqarishga ruxsat berdi. Bu bizdagi Spark modeliga to‘g‘ri keladi", - dedi Umurzoqov.

Ayni damda, Rossiya va O‘zbekiston tomonidan maxsus tashkil qilingan ishchi guruh ushbu loyiha tafsilotlarini ishlab chiqmoqda. Uning asosiy maqsadi - avtomobil tannarxini tushirish va texnik masalalarni malakali hal qilishdir. Loyihani amalga oshirish 2020-yilning birinchi kvartalida boshlanadi, deb qo‘shimcha qildi “O‘zavtosanoat” rahbari.

GM Uzbekistan mexanik uzatmali “Spark” avtomobilini ishlab chiqarish hajmni oshiradi

Bizning maqsadimiz – faqatgina Rossiya bozorida bo‘lish emas. Biz ushbu sohaga xalqaro tajribaga ega bo‘lgan ekspertlarni taklif qilib, avtomobillarni xaridorlar uchun arzonroq narxlarda yetkazib berishga harakat qilmoqdamiz, - deydi Umurzoqov.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekiston va Rossiya avtomobil sanoatida izchil hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Masalan Rossiya O‘zbekiston avtomobillari uchun metall prokati yetkazib beradi. O‘zbekiston esa Rossiyaning GAZ va VAZ yirik ishlab chiqaruvchilari konveyerlariga avtomobil yoritish chiroqlarini yetkazib beradi.