Daniyada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarosi Soliq qo‘mitasida yuqori lavozimga tayinlandi

Daniyada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarosi prezident farmoni bilan Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimga tayinlandi
Sputnik

TOShKENT, 24 sen – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga binoan Daniya qirolligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ishlayotgan Abdulla Abdisalamovich Azizov Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deb xabar qilmoqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

O‘zbekistonning yirik soliq to‘lovchilari ro‘yxati e’lon qilindi

Xabarda aytilishiga ko‘ra, Abdulla Azizov ushbu kunga qadar Daniyada “Maersk A/S”, “DONG Energy A/S”, “Carlsberg A/S”, “Implement consulting group”, “Vestas A/S”, “Danfoss” kompaniyalarida Moliyaviy biznes loyihalarini avtomatlashtirish sohasiga yuqori standartlarni joriy qilish sohasida ishlagan.

“Vatandoshimiz ham iqtisodchi, ham IT-dasturchi bo‘lganligi uning mehnat faoliyatida yuqori cho‘qqilarni zabt etishiga zamin bo‘lgan”, - deyilgan xabarda.

A.Azizov bilan bevosita birga ishlagan “Carlsberg A/S” va “Dong Energy A/S” kompaniyasi  rahbariyati uning kompaniyadagi faoliyati haqida iliq fikrlar bildirishgan.

Ma’lumot uchun, Azizov Abdulla Abdisalamovich 2004-yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetini tamomlagan. O‘qish davomida 2003-yil Yaponiyaning Nagoya universitetida iqtisodiyot yo‘nalishida o‘qigan. 2006-yili Daniyaning Orxus universitetida moliya va xalqaro biznes yo‘nalishi bo‘yicha magistr darajasini olgan.