O‘zbekistonda “Aqlli suv” tizimi joriy etiladi

Shavkat Mirziyoyev Suv xo‘jaligi vazirligiga suv sarfini onlayn kuzatish imkonini beruvchi “Aqlli suv” tizimini joriy etish vazifasini topshirdi.
Sputnik

TOShKENT, 19 sen – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev suv resurslarini boshqarish tizimini isloh qilish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. 

O‘zbekistonda suv ta’minoti tizimi tubdan isloh qilinadi

Davlat rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda sug‘orishdagi yo‘qotishlarni qisqartirish, ajratilayotgan budjet mablag‘laridan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi. 

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda 3 million 200 ming gektar yerga 46 milliard kub metr suv sarflanib, uning 60 foizi ekinlarga yetib borapti, xolos. Chunki jami 180 ming kilometr sug‘orish tarmoqlarining 23 foizi beton qoplamali bo‘lib, ular ham 30-35 yildan buyon deyarli yangilanmagan. 

Yana bir sababi ekin maydonlarining 98 foizi eskicha uslubda sug‘orilayotgani, ekinlar nomaqbul joylashtirilayotganidir. Suvdan samarali foydalanish, hisobini yuritish, irrigatsiya tarmoqlarida suv tejovchi yangi texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha hech bir tashkilot talab qo‘ymayapti.

“Suv xo‘jaligi vazirligiga Janubiy Koreyaning 7 million dollarlik granti hisobidan 61 ta suv xo‘jaligi obyektida suv sarfini onlayn kuzatish imkonini beruvchi “Aqlli suv” tizimini joriy etish vazifasi yuklatildi”, - deyiladi xabarda.

Kelgusi yili 120 ta va 2023-yilgacha 300 ta obyektda ushbu tizim tatbiq etiladi.

Energetika vazirligiga 1 ming 700 ta nasos stansiyasini 2020-yil yakunigacha elektr energiya iste’molining avtomatlashgan nazorat tizimiga o‘tkazish topshirig‘i berildi.

2020 yilda 22 ta tumandagi 50 ta obyektni davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga berish zarurligi ta’kidlandi.