Shavkat Mirziyoyev mahalliylashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan korxonalarni tanqid qildi

Yig‘ilishda joriy yilning o‘tgan davrida yangi loyihalar doirasida bor-yo‘g‘i 1 milliard dollarlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarilgani qoniqarsiz deb baholandi.
Sputnik

TOShKENT, 17 sen — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoatni jadal rivojlantirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va ko‘lamini kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston sanoatini zamon talablari asosida rivojlantirish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va turini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

“Eksportbop va import o‘rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga yo‘naltirilgan sanoat siyosatini yuritishimiz zarur. Mavjud xomashyo va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda, mahalliylashtirish darajasini chuqurlashtirish va ko‘lamini keskin kengaytirish ushbu sanoat siyosatining negizi bo‘lishi kerak”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Olimpiya o‘yinlari, doping: Mirziyoyev sport mutasaddilarini tanqid qildi

Yig‘ilishda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini jadallashtirishning yangi tizimining samarali ishlashini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Mahalliylashtirishni kengaytirishga qaratilgan eng muhim yo‘nalishlar ko‘rsatib o‘tildi. 

Tarmoqlar va yirik korxonalarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda sanoat kooperatsiyasini kengaytirish masalasi muhokama qilinar ekan, joriy yilning o‘tgan davrida yangi loyihalar doirasida bor-yo‘g‘i 1 milliard dollarlik mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarilgani qoniqarsiz deb baholandi. Bu boradagi ishlar sust tashkil etilgan “O‘zmaxsusmontajqurilish” aksiyadorlik kompaniyasi, “O‘zog‘moysanoat” uyushmasi, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati kabi korxonalar faoliyati tanqid qilindi.