O‘zbekiston — Rossiya: vaqt sinovidan o‘tgan do‘stlik va parlamentlararo yaqin hamkorlik

O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasida parlament quyi palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilovning Rossiya Davlat dumasi raisi Vacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Sputnik

TOShKENT, 16 sen — Sputnik. O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasida parlament quyi palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilovning Rossiya Davlat dumasi raisi Vacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Xabarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikkitomonlama munosabatlar barqaror, do‘stona tarzda rivojlanayotgani, .ikki davlat rahbarlarining yaqin munosabatlari, barcha sohadagi o‘zaro ishonchi parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda kengaytirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etilgan.

Keyingi yillardagi oliy darajadagi tashriflar yakunida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi aloqalar o‘zaro munosabatlar tarixida butunlay yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta’kidlangan.

O‘zbekiston — Rossiya: vaqt sinovidan o‘tgan do‘stlik va parlamentlararo yaqin hamkorlik

Uchrashuvda yuqori martabali mehmonga Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuzasidan qisqacha ma’lumot berildi.

“O‘zbekiston Respublikasida Rossiya Federatsiyasi yaqin qo‘shni, do‘st va ishonchli hamkor sifatida ko‘riladi. O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar vaqt sinovidan o‘tgan mustahkam do‘stlik asosida rivojlanmoqda”, - deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha,, Rossiya O‘zbekistonning eng muhim savdo-iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Davlatlar tomonidan barcha sohalarda faol hamkorlikni amalga oshirishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Bunda ikki davlat rahbarlarining turli darajadagi uchrashuvlaridagi izchillik muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston — Rossiya: vaqt sinovidan o‘tgan do‘stlik va parlamentlararo yaqin hamkorlik

Konstruktiv va o‘zaro ishonch ruhida kechgan uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarning kengayishi, uni yangi mazmun bilan boyitish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Shu bilan birga, mamlakatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, transport-kommunikatsiya, madaniy-ma’rifiy va boshqa sohalardagi aloqalar ko‘lamini yanada kengaytirish borasida ham fikr almashildi.

Rossiya DD raisi Vacheslav Volodin samimiy qabul va suhbat uchun minnatdorlik bildirib, konstruktiv muloqotning kelgusida ham izchil davom ettirilishida o‘zaro manfaatlilik, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlanishida parlamentlararo aloqalarni yanada kengaytirish va mustahkamlash, bu yo‘nalishdagi hamkorlikni kuchaytirish muhim ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston — Rossiya: vaqt sinovidan o‘tgan do‘stlik va parlamentlararo yaqin hamkorlik

Muzokaralar yakunida Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik haqidagi kelishuvni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Konstruktiv, o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuv yakunida tomonlar parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash zaruriyati mavjudligini qayd etdilar.

O‘z navbatida, Rossiya parlamentariylariga O‘zbekistonda navbatdagi parlament saylovlarini kuzatuvchi sifatida ishtirok etish bo‘yicha taklifnomalar taqdim qilindi.