Toshkentda geylar ta’qib qilinmoqdami - IIBB javobi

Toshkent shahrida geylarga qarshi maxsus reydlar o‘tkazilmagan va o‘tkazilmayapti, ayrim saytlarning anonim manbalarga tayanib yozayotgan xabarlari tag zamirida ichki ishlar organlari xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadi yotibdi, deyiladi IIBB rasmiy bayonotida
Sputnik

TOShKENT, 15 sen - Sputnik. Toshkent ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati poytaxtda noan’anaviy jinsiy oriyentatsiyaga ega shaxslar ta’qib ostiga olinayotgani haqidagi xabarni rad etdi.

"Geylarga erkinlik yo‘q" - O‘zbekiston BMT tavsiyasini rad etdi

"So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 12-sentabr kuni Yunusobod tumanida 25 yashar go‘yoki noan’anaviy jinsiy oriyentatsiyaga ega bo‘lgan Shokir X.ning o‘ldirilganligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, yigitni qirq yoshlarda bo‘lgan ikki nafar erkak "mashhur klubdan olib chiqib ketib o‘ldirgan". Erkaklarning ichki ishlar organlariga aloqasi borligiga shama qilingan, ammo bu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi", - deyiladi xabarda.

Toshkent IIBB xabariga ko‘ra, o‘ldirilgan yigit asli samarqandlik bo‘lgan. Toshkenda ijarada olingan kvartirada yashagan. 12-sentabr kuni ertalab jabrdiydaning qo‘shnisi zinapoyalarda qonga o‘xshash dog‘larni ko‘rib, bu haqda telefon orqali xonadon egasiga ma’lum qilgan. Uy egasi zudlik bilan yetib kelgach, xona ichida Shokirning pichoqlangan jasadini aniqlagan va shundan so‘ng 102ga xabar bergan.

Cho‘ntakdagi pichoq nimaga kerak? >>>

Ushbu holat yuzasidan prokuratura tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1 bandi ("qasddan qotillik sodir etish") bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Kvartira tekshirilganda, yaqinda sodir etilgan jinsiy yaqinlik izlari aniqlangan.

Tezkor-tergov tadbirlari davomida videokameralardagi yozuvlar o‘rganilgan, ehtimoliy guvohlar so‘roq qilingan. Gumonlanuvchi shaxsi ham aniqlangan, u vaqtincha hech qayerda yashamaydigan 28 yashar Odiljon Yu. ekanligi aytilmoqda.

"Komment" uchun o‘lim. Internetdagi bahslar qay tarzda qonli mojaroga aylanadi?

Shu kunning o‘zida gumondor Toshkent IIBB jinoyat qidiruv xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Tergov vaqtida gumondor Shokir bilan ijtimoiy tarmoqda tanishganini, 11-sentabr kuni uchrashishga kelishishganini, 21.30da jabrdiyda yashaydigan xonadonga kelganini tan olgan. Bu yerda ular o‘rtasida janjal kelib chiqqan. Janjal sabablari aniqlashtirilmoqda.

Kelishmovchilik oqibatida Odil Shokirning bo‘yni va qo‘li sohalariga suvenir pichoq bilan zarba bergan.

Toshkent IIBB ushbu faktlarni ma’lum qilib, Toshkentda noan’naviy jinsiy oriyentatsiyaga ega bo‘lgan shaxslarga qarshi maxsus reydlar o‘tkazilmayotganini va hech qachon o‘tkazilmaganini qo‘shimcha qilgan. 

"Ayrim saytlar tayanayotgan anonim manbaning so‘zlari ichki ishlar organlarini diskreditatsiya qiladigan, odamlarni yanglishtiradigan so‘zlar deb bilamiz", - deyiladi xabarda.