Kamilov Fransiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi bilan uchrashdi

Uchrashuvda o‘zaro savdo hajmlarini oshirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Sputnik

TOShKENT, 13 sen – Sputnik. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Fransiya Respublikasi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Izabel Servoz-Galluchchini qabul qildi. Bu haqda TIV xabar qildi.

Vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib, elchini tayinlov bilan qutlagan va unga omad tilagan.

Fransuz kompaniyasi O‘zbekistonda uran qazib oladi

Bo‘lib o‘tgan suhbatda ko‘p qirrali O‘zbekiston – Fransiya muloqotini sifat jihatdan yangi darajaga ko‘targan 2018-yilda Fransiyaga rasmiy tashrif doirasidagi prezident Shavkat Mirziyoyevning prezident Emmanuel Makron bilan olib borgan muzokaralari chog‘ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalariga muhim e’tibor qaratildi.

Siyosat, iqtisod, turizm, madaniyat va ta’lim kabi sohalardagi o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan tomonlarning manfaatdorligi tasdiqlandi.

Uchrashuvda o‘zaro savdo hajmlarini oshirish va qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish nuqtayi nazaridan mintaqaviy xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.