“Markaz – 2019” o‘quvlarida o‘zbek harbiylari osh damlashdi - video

“Markaz – 2019” strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlarida o‘zbekistonlik harbiy oshpazlari osh damlashdi.
Sputnik

TOShKENT, 11 sen – Sputnik. “Markaz – 2019” strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlarida o‘zbekistonlik harbiy oshpazlari osh damlashdi. Bu haqda O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari  harbiy strategik mashg‘ulotlarda qatnashish uchun Rossiya Federatsiyasining Orenburg viloyatidagi “Donguz” poligonida qad ko‘targan vaqtinchalik harbiy shaharchaga yetib kelib, o‘zlari uchun ajratilgan chodirlarga joylashdi.

Kun tartibi bo‘yicha harakat qilayotgan harbiylar birinchi kuni o‘zlari uchun ajaratilgan hududni ko‘zdan kechirib, dala sharoitida yaratilgan harbiy shaharcha bilan tanishdi. Guruh rahbarlari tomonidan yana bir bor texnika xavfsizlik qoidalari eslatib o‘tildi.

O‘sha kuni harbiy oshpazlar tomonidan o‘zbek milliy taomi – osh damlandi.

“Ta’kidlash joizki, harbiy oshpazlarimiz polovxonto‘rani yurtimizdan keltirilgan masalliqlardan tayyorlashdi. Qolgan kunlari esa dala sharoitida belgilangan taomnoma asosida olib borishadi”, - deyilgan xabarda.

Eslatib o‘tamiz, ushbu strategik qo‘mondonlik-shtab o‘quvlarida sakkiz mamlakat – Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Pokiston, Hindiston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning harbiy kontingenti ishtirok etadi.

Ushbu o‘quvlar Markaziy Osiyo hududida xalqaro terrorizmga qarshi kurashish, real jang vaziyatida topshiriqlarni hamkorlikda bajarishda mamlakatlar qo‘shinlarining guruh (kuch)larini samarali qo‘llash borasida qo‘l keladi. Shuningdek, mamlakatlar Qurolli Kuchlarining milliy manfaatlarini himoya qilishga bo‘lgan shayligi yana bir bor sinovdan o‘tkaziladi.