TOShKENT, 10 sen – Sputnik. Rossiya sifat tizimi ekspertlari pishirishdan avval yuvish kerak bo‘lmagan mahsulotlar ro‘yxatini tuzishdi. RIA Novosti xabariga asosan.
Bu ro‘yxatga birinchi navbatda barcha turdagi go‘sht kiritildi.
“Roskachestvo” yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, go‘shtni yuvilganda patogen bakteriyalar o‘lmaydi va oshxonada sochilgan suv tomchilari bilan birga toza idishlarga yoki ovqatga tushib, salomatlikka tahdid soladi. Bunday bakteriyalarni faqat uzoq muddatli issiqlik bilan ishlov berish (termoobrabotka) bilan yo‘q qilish mumkin.
Shuningdek, ekspertlar tuxumni yuvishni maslahat bermaydi. Tuxum po‘sti yupqa suvni o‘tkazmaydigan kutikul himoya qobig‘i bilan qoplangan, u mikroblarni o‘tkazmaslik xususiyatiga ega. Yuvish himoya qatlamini olib tashlashi mumkin, shundan keyin bakteriyalar qobiqdan o‘tib tuxum ichiga o‘tishi mumkin.
Yana bir mahsulot bu – qadoqlangan qo‘ziqorin. Suv tufayli ular ta’m va xushbo‘ylikni yo‘qotadi va namlikni o‘zlashtirishi sababli tezda yomonlashishi xavfi mavjud. Buning o‘rniga ularni nam mato bilan artib, shikastlangan joylarni kesib tashlash kerak.
Aksincha, quyidagi mahsulotlarni yuvish zarur: baliq, meva va sabzavotlar, tozalangan kartoshka, guruch va dukkakli ekinlar.
Quritilgan mevalar, urug‘lar, ko‘katlar qadoqda ko‘rsatilgan ko‘rsatmalarga e’tibor qaratish lozim.