Angrenda yuk mashinasi poyezdga urilishi oqibatida 2 kishi qurbon bo‘ldi

Angrenda g‘ayrioddiy YTH - yuk mashinasi poyezdga urilib uning 2ta vagonini ag‘darib yubordi.
Sputnik

TOShKENT, 10 sen – Sputnik. Bugun erta tong soat 04:00 da Toshkent viloyati Angren shahrida ayanchli YTH sodir bo‘ldi deb, xabar qildi FVV Sputnik muxbiriga.

Angren shahri hududidan o‘tuvchi A-373 M-39 “Guliston-Bo‘ka-Angren-Qo‘qon-Andijon orqali-O‘sh” avtomobil yo‘li 173 kmning “Obliq” temir yo‘l stansiyasidan Olmaliq KMKning Kon boshqarmasiga qarashli “Angren Oltin saralash fabrikasi”ga olib boruvchi temir yo‘l kesishmasida yuk avtomashinasi yuk tashish poyezdi bilan to‘qnashib ketdi.

“Toshkent-Vodiy” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib ketayotgan “SAMS” rusumli d/r 01 506 CGA yuk mashinasi yuk vagonlarni tortib ketayotgan teplovozning  8-vagoniga urilgan. Natijada vagonlarning 2 tasi izidan chiqib ketib, qarama-qarshi yo‘nalishda turgan “Damas” avtomobilini bosib qolgan - deyilgan xabarda.

Oqibatda, davlat raqami 50W363MA “Damas” avtomobilda bo‘lgan 5 nafar fuqarodan 2 nafari voqea joyida vafot etgan, 3 nafari tan jarohati olib, Angren shahar markaziy shifoxonasiga yotqizilgan.

Shuningdek, “SAMS” rusumli avtotransport vositasi haydovchisi ham tan jarohati bilan ushbu shifoxonaga yotqizilgan.

Sodir bo‘lgan YTH yuzasidan dastlabki tergovoldi tekshiruv ishlari olib borilmoqda.