TIV Shvetsiyada qo‘lga olingan shaxs o‘zbekistonlik emasligini ma’lum qildi

Qator xalqaro OAV terroristik fitnani tashkillashtirish va 2017-yil 7-aprelda Stokgolm shahridagi fojiali voqealarga aloqadorlikda gumonlanib Estersund shahrida (Shvetsiya) o‘zbekistonlik deb taxmin qilinayotgan shaxsning qo‘lga olinishi to‘g‘risida xabar tarqatdi.
Sputnik

TOShKENT, 30 avg - Sputnik. 2019 yil 15-avgustda qator xalqaro OAVda terroristik fitnani tashkillashtirish va 2017-yil 7-aprelda Stokgolm shahridagi fojiali voqealarga aloqadorlikda gumonlanib Estersund shahrida (Shvetsiya) o‘zbekistonlik deb taxmin qilinayotgan shaxsning qo‘lga olinishi to‘g‘risida xabar tarqaldi.

Shvetsiyadagi qamoqxonada saqlanayotgan Oqilov mahbus hujumiga uchradi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabarida qayd etilishicha, ushbu xabarlar yuzasidan O‘zbekistonning Berlin shahridagi elchixonasi o‘z konsullik okrugiga kiruvchi Shvetsiya qirolligi tomoniga so‘rovnoma yo‘llagan.

“29 avgust kuni diplomatik vakolatxona Estersund shahri okrug sudidan qo‘lga olingan shaxsning O‘zbekiston fuqarosi emasligi to‘g‘risida rasmiy javob oldi”, - deyiladi vazirlik rasmiy bayonotida.

2017 yil 7-aprel kuni Stokgolmning markaziy ko‘chalaridan biri bo‘lgan Drottninggatan ko‘chasida yuk mashinasi haydovchisi odamlarni bosib ketgan. U 550 metr yurib o‘tib, Ahlens savdo markazi binosiga urilgan. Hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan, o‘ndan ortiq kishi jarohat olgan. Stokgolm hukumati ro‘y bergan voqeani terakt deb tan olgan. O‘zbekistonlik Rahmat Oqilov Stokgolmdagi teraktni ID amiri buyrug‘i bilan amalga oshirganini aytgan va sud hukmi bilan umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingan.