O‘zbekistonda majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi

Agar ushbu huquqbuzarlik takroran sodir etilsa eng kam ish haqining 30 baravaridan 100 baravarigacha jarima solinadi.
Sputnik

TOShKENT, 29 avg – Sputnik. O‘zbekistonda majburiy mehnatga jalb qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Bu prezident tomonidan imzolangan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunda belgilab qo‘yilgan.

Qonunga muvofiq ma’muriy tartibda mehnatga jalb qilganlik uchun javobgarlik oshirilib, EKIHning 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi (hozirda bir baravardan uch baravarigacha).

O‘zbekiston odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi qanday kurashadi

Agar ushbu huquqbuzarlik takroran sodir etilsa EKIHning 30 baravaridan 100 baravarigacha jarima solinadi.

Voyaga yetmagan shaxsni majburiy mehnatga jalb etish EKIHning 30 baravaridan 50 baravarigacha (hozirda besh baravaridan o‘n besh baravarigacha), agar bu huquqbuzarlik takroran sodir etilsa EKIHning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlarda to‘lash bo‘yicha majburiyatni ma’muriy jazoga tortilgandan keyin takroran bajarmaslik EKIHning 15 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.

Mehnat vaziri majburiy mehnatning hashardan farqini tushuntirdi

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.