YTHda jarohatlanganlarni qutqargan o‘zbekistonlik qahramon taqdirlandi

O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsuli Fariddin Nasriyev O‘zbekiston fuqarosi Danil Yuldashevga tashakkurnoma topshirdi.
Sputnik

TOShKENT, 27 avg – Sputnik. 2019-yil 25-avgust kuni O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsuli Fariddin Nasriyev yo‘l-transport hodisasida jarohatlanganlarga yordam berishda mardonavor harakati uchun O‘zbekiston fuqarosi Danil Yuldashevga tashakkurnoma topshirdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

YTHda jarohatlanganlarni qutqargan o‘zbekistonlik qahramon taqdirlandi

Avvalroq Danil Yuldashev insonlarni qutqarishda ko‘rsatgan jasorati va qat’iyligi uchun Perm o‘lkasi gubernatori Maksim Reshetnikovdan minnatdorlik xati oldi.

Eslatib o‘tamiz, 17-avgustda Perm viloyati Gayva shahrida 53-sonli yo‘nalishli avtobus YTHga uchragan. Avtobus do‘kon devoriga borib urilishi oqibatida uning eshiklari yopilib qoladi.

YTHda 1 kishi qurbon bo‘ladi va 32 kishi jarohatlanadi. Voqea guvohi bo‘lgan 20 yoshli O‘zbekiston fuqaroli Daniil Yuldashev darhol avtobus ichida qolgan odamlarni qutqarishga kirishadi.

U avtobusning orqa oynasini sindirib, yaralanganlarni birma-bir olib chiqa boshlaydi. Undan tashqari Daniil shikastlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib yo‘ldan o‘tayotgan avtomobillarni to‘xtatib ulardan bemorlarni shifoxonaga olib borishni iltimos qiladi. Tez yordam yetib kelganda ham Daniil yordam berishda davom etadi.  

Jurnalistlar Daniildan nega u ham boshqa avtomobillar kabi YTHga uchragan avtobus yonidan o‘tib ketmasdan yordam berish uchun to‘xtaganini so‘rashganda, u – meni shunday tarbiya qilishgan deb javob bergan.

Daniil Toshkentda tug‘ilgan, uning yaqin qarindoshlari hali ham o‘sha yerda yashaydi. Daniil 7-yildan beri Rossiyada yashab kelmoqda. U shu yerda o‘rta maxsus ta’lim olmoqda va bo‘sh vaqtida boks bilan shug‘ullanadi.