O‘zini poyezd tagiga tashlagan toshkentlik blogerga jazo tayinlandi

Mashhurlik bo‘lish vasvasasi yosh bloger va uning do‘stiga qimmatga tushdi.
Sputnik

TOShKENT, 26 avg – Sputnik. Toshkentda harakatlayotgan poyezd tagiga o‘zini tashlagan va buni videoga olgan fuqarolarga jazo tayinlandi. Bu haqda “Yoshlar” telekanalining “Davr” dasturida ma’lum qilindi.

Bloger Artur Babayev qilgan ishidan pushaymonligi va bu harakati o‘ziga zarar yetkazganini bildirgan. U va uning havaskor tasvirchi o‘rtog‘i Dmitriy bu ishni boshqalarga takrormaslikni tavsiya qilishgan.

Mashhurlikni deb poyezd ostiga yotdi: toshkentlik blogerga jazo beriladimi

“Yunusobod tumani ma’muriy sudi tomonidan mayda bezorilik, ya’ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslikda ifodalangan xatti-harakatlari bilan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topildi va ularning har ikkalasiga nisbatan 5 sutkalik ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi”, - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avalroq ijtimoiy tarmoqlarda o‘z kuzatuvchilari sonini oshirish maqsadida o‘zini poyezd ostiga tashlagan blogerning xatti-harakati qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgani xabar qilingan edi. Internet foydalanuvchilari blogerning ushbu harakatini keskin tanqid ostiga olishdi, u "yoshlar va o‘smirlar uchun yomon namuna bo‘layotgani uchun" tegishli jazoga tortilishi lozimligini ma’lum qilishdi.