Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘zgardi

Nuriddin Xoliqnazarov Toshkent shahar bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlandi.
Sputnik

TOShKENT, 26 avg – Sputnik. 25-avgust kuni Nuriddin Xoliqnazarov Toshkent shahar bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasining matbuot xizmati xabar qildi.

Musulmonlar idorasi diniy-ma’rifiy maqola ustidan kulgan kanallarni tark etishga chaqirdi

Nuriddin domla Xoliqnazarov 1968-yilda Andijon viloyati Asaka shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. 1992-yilda Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasini, 1998-yilda Imom Buxoriy nomli Toshkent islom institutini, 2007-yilda Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan.

Ish faoliyati davomida Nuriddin domla Xoliqnazarov Andijon viloyati Asaka shahri “Ahmadali Maxdum” jome masjidi imom-xatibi, Toshkent shahri Yunusobod tumani “Oq tepa” jome masjidi imom-xatibi va shu kunga qadar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi vazifalarida mehnat qilgan.

Shu paytgacha poytaxt bosh imom-xatibi vazifasida mehnat qilib kelgan Rahimberdi domla Rahmonov “Minor” jome masjidi imom-xatibi vazifasida ish faoliyatini davom ettiradi.