TOShKENT, 24 avg – Sputnik. Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahri Yakkabog‘ mahallasida joylashgan uylarda yong‘in sodir bo‘ldi.
DOXX xizmati xabariga ko‘ra, voqea joyiga 5 ta asosiy va 1 ta yordamchi yong‘in o‘chirish texnikalari jalb etilgan. Birinchi bo‘linmalar ko‘rsatilgan manzilga soat 10:47 da yetib borgan vaqtda bir biriga tutash qurilgan Qo‘shchinor ko‘chasidagi 33-uyning tomi, ichki qismi va jihozlari hamda Uchrobot ko‘chasidagi 8-uyning tom qismi va darvozaxonasi ochiq alanga bilan yonayotganligi ma’lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 11:25 da qurshab olingan va soat 13:05 da bartaraf etilgan.
Yong‘in oqibatida Qo‘shchinor ko‘chasidagi 33-uyning tomi, shifti va ichki jihozlari 180 kv.metr maydonda yonib, alanga qo‘shni xonadonlarga tarqalishi natijasida Uchrabot ko‘chasidagi 8-uynig tomi, shift qismi va qisman ichki jihozlari 100 kv.metr maydonda hamda 6-uyning tom qismi 6 kv.metr maydonda yonib zararlangan.
“Yong‘inni bartaraf etish vaqtida Qo‘shchinor ko‘chasi 48-uyda yashagan 2008 y.t. M.R.ning (o‘g‘il bola) kuygan holdagi jasadi topilgan”, - deyiladi xabarda.
Uyda yolg‘iz qoldirilgan bolalarning yelim idishlardagi benzin oldida ochiq olovdan foydalanishi hodisaning taxminiy sababi sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida bolalar sho‘xligi yong‘inga sabab bo‘lgani xabar qilingan edi.