TOShKENT, 22 avg – Sputnik. Rossiyalik avtomobil eksperti, Drive internet portali direktori Ilya Mejibovskiy Ravon avtomobillari Rossiya bozorida muvaffaqiyatli sotilishi uchun nimalar qilish kerakligini aytdi.
Mejibovskiy fikriga ko‘ra, Ravon avtomobillari o‘z narxiga mos va ma’lum segmentda raqobatbardosh bo‘lishi mumkin, faqat buning uchun diler tarmoqlari faoliyatini yaxshi tashkil qilish kerak.
“650 ming rubl narx - bunday mashinalar uchun o‘rinli narxdir. O‘zbekistondagi zavod ham zamonaviy, mahsulot sifati ancha yuqori. Buyog‘iga ko‘p narsa ushbu mahsulotni Rossiya bozorida sotishni yo‘lga qo‘shishga, dilerlik tarmog‘ini tuzishga bog‘liq bo‘ladi”, - dedi ekspert.
Ayni damda Rossiya avtomobil bozori hajmi biroz kamaymoqda. Lekin aynan shunday sharoitda kam budjetli segmentga mo‘ljallangan O‘zbekiston avstosanoati mahsulotlari muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, biroz oldin Ravon yangi narxlar bilan Rossiya bozoriga qaytganini e’lon qilgan edi.