Buxoroda Tojikiston fuqarolari mingan mikroavtobus YTHga uchradi

Buxoroda ichida Tojikiston fuqarolari bo‘lgan Mercedes Sprinter mikroavtobusi ag‘darilib ketdi, 8 kishi jarohatlandi.
Sputnik

TOShKENT, 20 avg – Sputnik. Buxoroda Tojikiston fuqarolarini olib ketayotgan mikroavtobus YTHga uchradi deb xabar qilmoqda IIV matbuot xizmati.

“2019 yilning 19-avgust kuni soat 15:37larda Buxoro viloyatining Jondor tumani cho‘l massivi hududidan o‘tuvchi “G‘uzor-Nukus” A-380 yo‘lining 368-kilometrida, Tojikiston fuqarosi 1979-yilda tug‘ilgan Baxromiddin Xotamov boshqaruvida bo‘lgan “Mersedes-Spirinter” rusumli mikroavtobusning orqa o‘ng tomon g‘ildiragi yorilib ketib, yo‘l chetiga chiqib ketib ag‘darilgan”, - deyilgan xabarda.

Yo‘l-transport hodisasi natijasida 3 nafar Tojikiston fuqarolari kasalxonaga yotqizilgan va  yana 5 nafar yo‘lovchilarga hamda haydovchiga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Qolgan 8 nafar yo‘lovchilar esa hech qanday jarohat olmaganlar.

Ayni damda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.