TOShKENT, 17 avg - Sputnik. Harakatlanayotgan elektrovoz ostiga yotib olgan bloger nega bunday qilgani boisini tushuntirdi, deb xabar berdi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.
Sal vaqt oldin internetda Artur Babayev ismli bloger tomonidan e’lon qilingan videoda bir yosh yigit elektrovoz kelayotgan temir yo‘lga yotib olgani aks etgan edi. Shundan so‘ng Toshkent shahar IIBBga blogerlarga nisbatan jazo choralari qo‘llaniladimi, degan mazmunda ko‘plab savollar kelib tusha boshlagan.
Internet foydalanuvchilari blogerning ushbu harakatini keskin tanqid ostiga olishgan, u "yoshlar va o‘smirlar uchun yomon namuna bo‘layotgani uchun" tegishli jazoga tortilishi lozimligi haqida talablar tushgan.
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, ushbu video ijtimoiy tarmoqlarda 16-avgust kuni paydo bo‘lgan. Suratga olish ishlari bir kun avval Yunusobod tumanidagi "Salar" - "Chuqursoy" stansiyalarida o‘tkazilgan.
Blogerlar shaxsi aniqlangan. Ular 19 yashar Artur Babayev va Dmitriy O. bo‘lib chiqqan.
Yigitlar o‘zlarining kimligini yashirish niyatida emasliklarini ma’lum qilishgan. Ularning aytishicha bunday harakatdan maqsad: shuhrat qozonish va ijtimoiy tarmoqlarda o‘z kuzatuvchilari sonini oshirish bo‘lgan.
Ushbu fakt yuzasidan blogerlarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi ("mayda bezorilik") bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida dalolatnomasi tuzilgan. So‘nggi qaror sud tomonidan chiqariladi.