“O‘zavtosanoat” AJ mahsulotlarini Turkmanistonda taqdim etdi

Turkmanistonda Birinchi Kaspiy iqtisodiy forumi doirasida “Turkman sahrosi 2019” avtomobilsozlik sohasidagi innovatsion texnologiyalar va yutuqlar xalqaro ko‘rgazmasi ish boshladi.
Sputnik

TOShKENT, 12 avg — Sputnik. Turkmanistonda Birinchi Kaspiy iqtisodiy forumi doirasidagi “Turkman sahrosi 2019” avtomobilsozlik sohasidagi innovatsion texnologiyalar va yutuqlar xalqaro ko‘rgazmasida “O‘zavtosanoat” AJ mahsulotlari taqdim etildi.

UzAuto ekspozitsiyalarida turli kompaniyalar mahsulotlarining keng nomenklaturasi taqdim etildi. UzAuto Motors, JV MAN Auto-Uzbekistan, UzAutoTRAILER va Samarqand avtomobil zavodi kompaniyalari model qatorlari bilan birga, ko‘rgazmada Toshkentdagi Turin politexnika universiteti mutaxassislari va talabalarining innonvatsion ishlanmalari ham namoyish qilindi. Jumladan, laboratoriya o‘rnatilgan elektrobus, vodorodda va bioyoqilg‘ida yuruvchi avtomobil, shuningdek, zamonaviy robotlar taqdim etildi.

Qayd etilishicha, har yil bu kabi ko‘rgazmalar ko‘p sonli avtomobilsozlik, jihozlar ishlab chiqarish mutaxassislarini jalb qiladi va amaliy muloqot, yangi tanishlar orttirish va sermahsul muzokaralar o‘tkazish uchun maydon bo‘ladi.

Xabarda UzAuto kompaniyalar guruhining qatnashishi – bu eng yangi yutuqlarni namoyish etish va nafaqat Turkmaniston, balki xorijiy bozorlarda ham o‘zini ko‘rsatishning noyob imkoniyati ekanligi qo‘shimcha qilingan.