Floyd Meyvezer o‘zbekistonlik sportchi haqida: “Dunyodagi eng yaxshi MMA jangchisi”

Professional boksda mag‘lubiyat nimaligini bilmagan amerikalik afsonaviy bokschi Floyd Meyvezer o‘zbekistonlik sportchining MMAdagi chiqishlariga munosib baho berdi.
Sputnik

TOShKENT, 12 avg - Sputnik. Floyd Meyvezer Mahmud Murodovni dunyodagi eng yaxshi MMA jangchisi deb atadi. Bu haqda Instagram᾽da post yozib qoldirgan.

“Dunyodagi eng yaxshi MMA jangchisi”, - deya yozgan Meyvezer va Murodovning suratini joylashtirgan.

MMA jangchisi Mahmud Murodov O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.  Murodov Ultimate Fighting Championship (UFC) aralash janglar bo‘yicha chempionatda hamda MMAA Arena, XFN, BA kabi turnirlarda ishtirok etadi.

So‘nggi ikki jangida nokaut bilan raqiblarini yer tishlatdi. U janglarida o‘zining shiddatli zarbalari bilan raqablari dog‘da qoldiradi va tez-tez jahon yulduzlari sahifalarida paydo bo‘lib turadi.

Mahmud Murodov Tojikistonda tug‘ilgan, 2 yoshida oilasi bilan O‘zbekistonga ko‘chib kelgan. Murodovlar oilasi Buxoroda yashaydi. Sportga yoshligidan qiziqqan, akasi Ruslanni o‘zining birinchi murabbiyi deb biladi.

Floyd Meyvezer – amerikalik professional bokschi. U 50 ta jang o‘tkazgan va biror marta ham mag‘lubiyat alamini totib ko‘rmagan. Shuningdek, sportchi tarixdagi eng ko‘p haq oluvchi bokschi sifatida tan olingan.