O‘zbekistonda dollar kursi nega keskin oshdi? - Markaziy bank bayonoti

Markaziy bank bayonotida aytilishicha, ichki valyuta bozoridagi holatning shakllanishiga qator tashqi va ichki omillar ta’sir ko‘rsatdi.
Sputnik

TOShKENT, 9 avg – Sputnik.Markaziy bank ichki valyuta bozoridagi vaziyat bo‘yicha bayonot berdi.

O‘zbekistonda dollar kursi keskin ko‘tarildi

Bayonotda aytilishicha, joriy yilning iyul oyining ikkinchi yarmidan boshlab, ayniqsa so‘nggi haftada, ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaning milliy valyutaga nisbatan kursi o‘sish sur’atlarining tezlashishi kuzatilmoqda.

Bu vaziyatga yuzaga kelishi tashqi va ichki omillar ta’sir ko‘rsatdi.

Tashqi omillar: joriy yil iyul oyidan boshlab, O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklari bo‘lgan ba’zi mamlakatlarda (Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy) milliy valyutalarning qadrsizlanishi tendensiyasi kuzatilmoqda, bu o‘z navbatida, ichki valyuta bozorimiz ishtirokchilarining almashuv kursi bo‘yicha kutilmalari va qarorlar qabul qilish jarayoniga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatmoqda.

Ichki omillar, asosan import qiluvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning o‘sib borishi bilan bog‘liq.

"Ichki valyuta bozorida talab va taklif hajmlari ma’lum bir darajada barqaror shakllangan davrda, Markaziy bankning intervensiyalari ishlab chiqaruvchilardan monetar oltinni sotib olish natijasida hosil bo‘lgan qo‘shimcha likvidlikni sterilizatsiya qilish bilan birgalikda, valyuta kursini qisqa muddatli tebranishlarini pasaytiruvchi instrument sifatida qo‘llanib kelinadi.

Shuningdek, ichki valyuta bozorida yuzaga kelgan joriy holatni inobatga olib, Markaziy bank intervensiyalarni amalga oshirishda valyuta kursi kunlik tebranishining kengaytirilgan koridorini qo‘llash mexanizmiga o‘tmoqda", - deyilgan bayonotda.

Markaziy bank qisqa muddatli o‘zgaruvchanlikni davom ettirish va fundamental trendga qaytishni davom ettirish bilan kursni ma’lum bir darajada tartibga solishni istisno etmaydi.