Qashqadaryo hokimi Zafar Ro‘ziyev: “Juda katta xatolikka yo‘l qo‘ydik”

Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev ham Yakkabog‘da jamoatchilik bilan uchrashib, bo‘lib o‘tgan voqealar uchun uzr so‘radi.
Sputnik

Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev ham Yakkabog‘da jamoatchilik bilan uchrashib, bo‘lib o‘tgan voqealar uchun uzr so‘radi.

“Hurmatli blogerlarimizdan, jurnalistlarimizdan, shu masalada aziyat chekkan tadbirkorlarimizdan ta’zim qilib, kechirim so‘rayman! Ana shu masalada biz juda katta xatoga yo‘l qo‘ydik. Bundan bu yog‘iga har bir inson bilan individual ravishda ishlaymiz, har bir oila bilan alohida shug‘ullanamiz”, - dedi Qashqadaryo viloyati hokimi.

Shuningdek, u o‘z murojaatida imkon berilsa “buzilsin, olib tashlansin, qo‘porilsin”, degan siyosatdan mutlaqo voz kechishini ma’lum qilgan.

Avvalroq Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov xalqdan uzr so‘ragani xabar qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayev "Hisor Sarlochin" kompaniyasiga tegishli savdo do‘konlarini buzish ishlarini tashkillashtirayotgan vaqtda mazkur jamiyatda ishlovchi fuqaro Bahriddin Isomov o‘ziga tegishli savdo do‘konini buzilishiga faol qarshilik ko‘rsatib, Tuymayevning yuziga yelim idishda bo‘lgan benzinni sepib, uni yoqib yuborgan edi.

Shavkat Mirziyoyev 2-avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida qurilish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan va xalqning katta noroziligiga sabab bo‘layotgan rahbarlarni, jumladan, Farg‘ona, Xorazm va Qashqadaryo viloyati hokimlarini qattiq tanqid ostiga olib, mamlakat obro‘sini nafaqat xalq, balki butun jahonga sharmanda qilayotganini qayd etib, xalqdan kechirim so‘rashlarini buyurdi.