Jurnalistning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kiritilishi mumkin

O‘zbekistonda jurnalistning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritilish taklif qilindi. Shuningdek, blogerlarga jurnalistlar kabi huquqlarni berish rejalashtirilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 4 avg - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) jurnalistning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kiritish va blogerlarga jurnalistlar kabi huquqlarni berish ko‘zda tutilgan qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Jurnalistning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish, uning so‘rovi asosida axborotni (hujjatlarni) taqdim etmaslik, o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud bila turib yolg‘on yoki noto‘g‘ri axborot taqdim etishda ifodalanadi. Shuningdek, jurnalistga bosim o‘tkazish, uning jurnalistlik faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik kiritish rejalashtirilmoqda.

AOKA bunday huquqbuzarlikni sodir etganlarga nisbatan EKIHning 1 baravaridan 3 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishni taklif qilmoqda.

Betaraflik va ishonchlilik - jurnalistlar kasb etikasi kodeksi e’lon qilindi

Xuddi shu qonun loyihasi bilan AOKA  blogerlarga jurnalistlar kabi huquqlarni berishni taklif qilmoqda.

“Bloger — xabar va materiallarni to‘plash, tahlil qilish, tahrirlash, tayyorlash va tarqatish bilan shug‘ullanuvchi hamda ularni axborotdan foydalanuvchilar tomonidan, shu jumladan, muhokama qilishi uchun Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga joylashtiruvchi jismoniy shaxs”, - deyiladi qonun loyihasi matnida.

Blogerlar huquqi“Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 12.1-moddasida (“Erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish”)  belgilanishi mumkin va ular o‘z faoliyatini amalga oshirishda quyidagi huquqlarga ega:

- ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish, tahrirlash, tayyorlash va tarqatish;

- axborotni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash va tarqatish;

- axborot olish uchun davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga murojaat etish;

- davlat sirlarini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni istisno etgan holda hujjatlar, materiallar va axborotdan foydalana olish;

- jurnalist surishtiruvi o‘tkazish;

- o‘zi tayyorlagan xabarlar va materiallarni ommaviy axborot vositalari orqali imzosini yoki taxallusini qo‘yib tarqatish, ularda o‘z fikr-mulohazasini ifodalash;

- davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida va ommaviy tadbirlarida ishtirok etish;

- faoliyatini amalga oshirish yuzasidan mansabdor shaxs qabulida bo‘lish;

- ma’lumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish;

- sudlarning ochiq majlislarida, harbiy harakatlar maydonlarida, tabiiy ofat yuz bergan hududlarda, ommaviy tadbirlarda hozir bo‘lish;

- e’lon qilishga tayyorlangan ma’lumotlarni tekshirish uchun mutaxassislarga murojaat qilish;

- axborot manbai yoki muallifning nomi sir saqlanishini talab qilish;

- bloger taqdim etgan xabarning mazmuni jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan buzib e’lon qilish oqibatida, o‘ziga yetkazilgan ma’naviy zarar va moddiy ziyon qoplanishini sud orqali talab qilish.

Bloger qonun hujjatlari bilan jurnalistlarga berilgan boshqa huquqlardan ham foydalanadi.

O‘zbekistonda etika normalarini buzgan jurnalistlar javobgarlikka tortiladi

AOKA direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Facebook᾽dagi sahifasida fuqarolarni ushbu loyiha bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirishga chaqirgan. Ta’kidlanishicha, taklif va mulohazalar hujjat loyihasini takomillashtirish jarayonida o‘rganib chiqiladi va inobatga olinadi.