TOShKENT, 4 avg - Sputnik. AQShning El-Paso shahridagi (Texas shtati) supermarketda otishma sodir bo‘ldi. Otishma oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.
Meksika prezidenti Andres Manuel Lopes Obradorning ma’lum qilishicha, qurbonlar orasida 3 nafar meksikalik ham bor.
El-Paso politsiya boshlig‘i Greg Allen 26 kishi yaralanganini ma’lum qilgan.
Otishma shanba, 3-avgust kuni El-Paso shahridagi Walmart savdo markazida yuz bergan. Politsiya otishmada gumon qilingan bir kishini qo‘lga olgan.
NBC telekanali xabariga ko‘ra, Dallasda yashovchi 21 yoshli erkak qo‘lga olingan. Politsiya boshlig‘i Greg Allen gumonlanuvchi qo‘llagan qurol turini aytishdan bosh tortgan, biroq ba’zi materiallarda u AK-47 avtomati bilan tasvirlanganini ma’lum qilgan. Shuningdek, Allen gumonlanuvchi voqea joyida politsiyaga taslim bo‘lgani tasdiqlagan.
Politsiya hujum qilgan shaxsning nima sababdan bu jinoyatga qo‘l urgani hozircha aniqlanmaganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, gumon qilinuvchi otishmani sodir etishdan oldin Twitter᾽dagi sahifasida Yangi Zelandiyadagi masjidlarda sodir etilgan va 50 kishining o‘limi hamda 50 kishining jarohatlanishiga olib kelgan teraktni qo‘llab-quvvatlashi haqidagi manifestni e’lon qilgan.