TOShKENT, 4 avg - Sputnik. Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari Timur Ivanov V xalqaro armiya o‘yinlari doirasida “Harbiy-tibbiy estafeta” ko‘pkurashida ishtirok etayotgan Rossiya qurolli kuchlari terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun O‘zbekistonga keldi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.
Xabarda qayd etilishicha, Rossiya mudofaa vaziri o‘rinbosari tashrif davomida Rossiya terma jamoasi a’zolari bilan uchrashadi, sportchilarning joylashish sharoitlari va Forish tog‘ poligoni infrastrukturasi bilan tanishadi.
Kuni kecha “Harbiy-tibbiy estafeta”ga qur’a tashlandi. Qur’a tashlash marosimini O‘zbekiston mudofaa vazirining o‘rinbosari general-mayor Azizbek Ikramov ochib berdi.
Shaffof va oshkor ravishda o‘tkazilgan qur’a natijalariga ko‘ra, “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovida jamoalarning ishtirok etish ketma-ketligi aniqlandi. Bular:1 — Angola; 2 — Armaniston; 3 — Rossiya; 4 — Zimbabve; 5 — Vyetnam; 6 — Tojikiston; 7 — Myanma; 8 — Belarus; 9 — Qozog‘iston; 10 — O‘zbekiston; 11 — Ozarbayjon.
“Harbiy-tibbiy estafeta” ilk bor xorijda, O‘zbekistonning Forish o‘quv bazasida o‘tkazilmoqda.
4 avgust kuni start oladigan “Harbiy-tibbiy estafeta” tanlovida Angola, Ozarbayjon, Belarus, Vyetnam,Rossiya, Armaniston, Zimbabve, Qozog‘iston, Myanma, Tojikiston va Venesuela (kuzatuvchi maqomida) kabi davlatlar g‘oliblik uchun o‘zaro kurashadi.