Navbat Xorazmga: Xorazm viloyati hokimi ham uzr so‘radi – video

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov ham xalqdan uzr so‘radi.
Sputnik

Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov ham xalqdan uzr so‘radi.

“Hurmatli eldoshlar, hurmatli Ashxobod mahallasi ahli, butun Xorazm viloyati jamoasi, bugun men juda katta iztirob bilan oldingizda turibman. Biz o‘ylamay qilgan ishimiz natijasida, Ashxobod mahallasi aholisiga katta aziyat yetkazdik. Bu yerda men o‘zimni aybdor deb bilaman” – dedi Farhod Ermanov.

Uning ta’kidiga ko‘ra, agar hammasini oldindan hisob-kitob qilib, xalq bilan maslahatlashilgan holda olib borilganda bunday gap-so‘zlar bo‘lmas edi.

Hokim o‘ylamay bosilgan qadam natijasida mahalla ahliga nafaqat moddiy, balki sog‘lik masalasida ham muammo keltirilgani qayd etdi.

“Viloyat hokimining vakolatiga xalqning daxlsizligi, uning moddiy ne’matlarini asrash kiradi. Ammo men qo‘l ostimdagi odamlar bilan qilgan ishimiz umuman to‘g‘ri kelmasligini bilib turibmiz. Men butun Xorazmdan kechirim so‘rashim kerakki, chunki bunday ishlar nafaqat Ashxobod mahallasida, balki boshqa tumanlarda ham bo‘lmagan, deb kafolat berishdan yiroqman. Bugundan boshlab yana barcha ishlarni sarhisob qilib, barchasini joy-joyiga qo‘yishga so‘z beraman”, — deydi Xorazm viloyati hokimi.

Shuningdek, u qator mansabdorlar shaxslarga chora ko‘rilganini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev Rishton tumaniga borib, mahalliy aholi bilan uchrashgani va tumanda olib borilgan buzilish ishlarida yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun kechirim so‘ragani xabar qilingan edi.

Eslatib o‘tamiz, Urganch shahridagi “Ashxobod” mahallasida yashovchi 400 ga yaqin xonadon ushbu hududda sanoat zonasi tashkil etilishi munosabati bilan Chondirqiyot qishlog‘iga ko‘chirilgan edi. O‘sha yerda aholi vaqtinchalik chodirlarda yashab kelayotgan edi. Va’da berilgan pullar bi necha oy davomida to‘lanmaganligi sababli 26-iyul kuni ko‘chirilgan aholi norozilik namoyi sifatida “Urganch – Xonqa” yo‘lining qatnov qismini to‘sib qo‘yishgan edi.

Shavkat Mirziyoyev 2-avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida qurilish borasida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan va xalqning katta noroziligiga sabab bo‘layotgan rahbarlarni, jumladan, Farg‘ona, Xorazm va Qashqadaryo viloyati hokimlarini qattiq tanqid ostiga olib, mamlakat obro‘sini nafaqat xalq, balki butun jahonga sharmanda qilayotganini qayd etib, xalqdan kechirim so‘rashlarini buyurdi.